Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 Everestdagi «yashil etiklar»: Jasad 30 yildan so‘ng 8500 metrdan olib tushiladi

 Everestdagi «yashil etiklar»: Jasad 30 yildan so‘ng 8500 metrdan olib tushiladi

foto: AIF

Everestda xavfli evakuatsiya loyihasi start olmoqda: alpinistlar orasida «yashil etiklar» laqabi bilan tanilgan alpinistning jasad qoldiqlari 8500 metr balandlikdan evakuatsiya qilinadi. Alpinist jasadi Jomolungmaning shimoliy nishabligida joylashgan. Tajribali qutqaruvchilar va sherpalar, (bugungi kunda alpinizm olamida «sherpa» so‘zi nafaqat millatni, balki yuqori malakali tog‘ yo‘lboshchisi  degan kasbni ham anglatadi. Everestga chiqmoqchi bo‘lgan har qanday xorijlik alpinist sherpalarsiz u yerga ko‘tarila olmaydi) uni Dehliga yetkazishni rejalashtirishmoqda. Butun marshrut taxminan 40 kun vaqt oladi.

Ushbu jasad «o‘lim hududi» chegarasida, «Birinchi qadam» bekatidan pastroqda joylashgan tabiiy tosh panasida yotibdi. Ajablanarlisi, chorak asr davomida ushbu yorqin yashil etiklar yuqoriga ko‘tarilayotgan alpinistlar uchun mo‘ljal bo‘lib xizmat qilgan. Bu joyga yetib kelgan alpinistlar odatda bazaviy lagerga ratsiya orqali ushbu bosqichdan, yashil etiklardan o‘tganliklari haqida xabar berishgan. Bu siluet Everest cho‘qqisidagi o‘ziga xos tartib, odob-axloq qoidalarining eng mashhur va muhokama qilinadigan ramziga aylangan edi.

foto: https://ru.wikipedia.  

Hindiston hukumati halok bo‘lgan shaxsning kimligiga doir ko‘p yillik bahslarga chek qo‘ydi. Bundan oldin ekspertlar bir kunda halok bo‘lgan ikki hind alpinisti — Sevang Paldjor va Dordje Morup o‘rtasida ikkilanishayotgan edi. Operatsiya boshlanishidan oldin o‘tkazilgan genetik test jasad qoldiqlari Dordje Morupga tegishli ekanligini ko‘rsatdi. Bu haqda ExplorersWeb nashri yozmoqda.

Morup 1996-yilda Hindiston tarixida birinchi marta Everestni Tibet tomonidan zabt etishga uringan guruh tarkibida bo‘lgan. 10 may kuni yetti nafar alpinist Shimoliy dovon orqali yuqoriga ko‘tarila boshlaydi. 8500 metr balandlikda ular kuchli bo‘ron «qopqon»iga yo‘liqadi. To‘rt nafar holdan toygan ishtirokchi ortga qaytadi, ammo uch kishi — Sevang Smanla, Dordje Morup va Sevang Paldjor yo‘lni davom ettiradi.

Qorong‘u tushganda ular ratsiya orqali cho‘qqiga chiqqanliklarini ma’lum qilishadi, biroq pastga tushishga ulgurishmaydi. To‘fon va tun ularni «o‘lim hududi»da qoldiradi.

Ertasi kuni ertalab xuddi shu marshrut bo‘ylab ko‘tarilayotgan yapon alpinistlari muzlab qolayotgan hindlarga duch kelishadi. O‘sha payti ular hali tirik, ammo qattiq sovuq urgan holatda bo‘ladi. Yaponlar ularning yonidan o‘tib, yuqoriga ko‘tarilishda davom etishadi. Hech qanday yordam ololmagan uchala alpinist ham sovuqdan vafot etadi.

Bu voqea xalqaro miqyosda katta mojaroga sabab bo‘lgan edi. Hindiston yapon alpinistlarini etika qoidalarini buzishda va yordam ko‘rsatmaslikda aybladi. Keyinchalik bu da’volar qaytarib olindi, ammo ushbu hodisa alpinistlar orasida axloqiy tanlovning klassik misoliga aylandi. Hozirgi kungacha nima muhimroq — ambitsiyalar, pullarmi yoki inson hayotimi, degan bahslar davom etib kelmoqda.

Himalayan Database ekspertlarining fikriga ko‘ra, fojiani madaniy to‘siqlar yanada og‘irlashtirgan bo‘lishi mumkin. Ularning fikricha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam so‘ralmasa, birovning ishiga aralashmaslik haqidagi yapon mentaliteti alpinistlarning qaroriga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Bunday balandlikdan jasadni evakuatsiya qilish — xuddi o‘z joniga qasd qilish bilan barobar. Kislorod yetishmovchiligi fikrlashni sekinlashtiradi, kuch esa bir necha daqiqada tugaydi. Qattiq sovuqda muz bo‘lagiga aylangan va kiyim, anjomlariga yopishib ketgan tanani joyidan qo‘zg‘atish, tik qoyalardan pastga tushirish — inson imkoniyatlari chegarasidagi vazifadir.

Shuningdek, masalaning axloqiy tomonini ham unutmaslik kerak.  Chunki sherpalar o‘z urf-odatlariga ko‘ra halok bo‘lganlarni evakuatsiya qilishni shunchaki ish emas, balki hurmat talab qiladigan nozik rasm-rusm deb hisoblashadi.

Yangi zelandiyalik alpinist Gay Kotter (u 1997-yilda shunga o‘xshash guruhga rahbarlik qilgan) hindlarning bu rejasiga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. The Guardian nashriga bergan intervyusida u jasadni vaqtliroq qaytarish kerak bo‘lganini, ammo bu ish tirik odamlarning hayotini xavf ostiga qo‘ymasligi shartligini aytdi. «Tarixda qutqaruv operatsiyalari vaqtida boshqa alpinistlar halok bo‘lgan holatlar uchragan. Bu juda nozik chegara», — deb ta’kidladi Kotter.

Everest nishabliklarida hozirgi kunda 200 ga yaqin alpinist tanalari qolmoqda. Ularning ko‘pchiligi borish juda qiyin va xavfli joylarda, ularga yetib borishning deyarli iloji yo‘q yoki bu juda qimmatga tushadi. Shunga qaramay, 2025-yilning oxirida tog‘da «katta tozalash» jasadlarni evakuatsiya qilish ishlari boshlandi. «Yashil etiklar» bilan bog‘liq operatsiya ham katta ehtimol bilan ushbu loyihaning bir qismi hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring