Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada rashk tufayli kundoshining 9 yoshli qizini kanalga tashlab yuborgan ayolga hukm o‘qildi

Farg‘onada rashk tufayli kundoshining 9 yoshli qizini kanalga tashlab yuborgan ayolga hukm o‘qildi

2021 yilning aprelida Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida kundoshining 9 yoshli qizini kanalga tashlab yuborgan ayol qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudi raisi Botir Mo‘minovning ma’lum qilishicha, ayblanuvchiga nisbatan hukm o‘qilgan. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2021 yil 14 aprel kuni Buvayda tumani Ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismiga «Maslahat» mahalla fuqarolar yig‘ini, Chirkay qishlog‘i hududidan oqib o‘tgan Oyimtarra kanaliga yosh qiz noma’lum ayol tomonidan urib, tashlab yuborilgani haqida xabar kelib tushgan.

Aniqlanishicha, fuqaro M.Y. sobiq turmush o‘rtog‘i B.Y.ni u bilan shar’iy nikoh asosida yashab kelayotgan M.J.dan rashk qilgan. Kundoshidan o‘ch olish maqsadida uning 2012 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizi F.F.ni 14 aprel kuni maktabdan aldab olib ketgan. Uni yo‘lovchi mashinada Chirkay qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi Oyimtarra kanali yaqiniga olib kelib, qasddan o‘ldirish maqsadida bosh sohasiga tosh bilan urib, kanalga tashlab yuborgan.

Ushbu holatni Buvayda tumanida yashovchi Sh.Y. (2005 yilda tug‘ilgan) ko‘rib qolgan va F.F.ni kanaldan qutqarib olgan.

Holat yuzasidan Buvayda tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25, (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) 97-moddasi 2-qismi «v» (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ldirish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.Y.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tumani sudi tomonidan sudlanuvchi M.Y.ga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring