Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ichki ishlar xodimiga qarshilik ko‘rsatgan shaxs ushlandi — rasmiy munosabat

Ichki ishlar xodimiga qarshilik ko‘rsatgan shaxs ushlandi — rasmiy munosabat

Foto: Toshkent shahar IIBB

Fuqaro ichki ishlar organlari xodimiga qarshilik ko‘rsatayotganligi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy ma’lumot berdi.

«Joriy yilning 21-iyun kuni taxminan soat 14.30 larda Uchtepa tumani, 31-mavzesi hududida ikki nafar fuqaro tortishib qolgan va tomonlar o‘zaro janjallashib ketgan. Janjal vaqtida fuqaro U.M. o‘tkir tig‘li jism bilan fuqaro N.T. ga tan jarohati yetkazgan hamda hodisa joyidan yashiringan. Natijada jabrlanuvchi “chap ko‘krak qismining sanchilgan-kesilgan jarohati” tashxisi bilan shifoxonaga joylashtirilgan.

Hodisa joyiga yetib kelgan hududiy profilaktika inspektori O.Abdullayev mazkur jinoyatni sodir etgan shaxsni “issiq izi”dan topib, uni ushlash choralarini ko‘rgan vaqtida, U.M. unga ham pichoq bilan tajovuz qilib, faol qarshilik ko‘rsatgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida gumonlanuvchi daliliy ashyo (N.T.ga tan jarohati yetkazgan pichoq) bilan profilaktika inspektori va PPX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan hamda tergovga jalb qilingan.

IIO xodimlari tan jarohati olmagan.

Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “m” bandi ("Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etilgan bo‘lsa") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring