Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikkita «Kobalt»ga yashirilgan dorilar ushlab qolindi

Ikkita «Kobalt»ga yashirilgan dorilar ushlab qolindi

Namangan viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari DXX xodimlari bilan hamkorlikda Yangiqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tuman hududida harakatlangan fuqaro T.B. boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashinani to‘xtatib belgilangan tartibda ko‘zdan kechirishdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu avtomashinada tegishli hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, sifati kafolatlanmagan 11 turdagi 5997 quti tibbiyot dori vositalari borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro T.B.ga tegishli yana bir «Kobalt» avtomashinasi Yangiqo‘rg‘on tumani Qizilyozi MFY hududida belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida avtomashina salonidan xorijda ishlab chiqarilgan hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 18 turdagi 4922 quti dorilar borligi aniqlandi.

Mazkur tezkor tadbir davomida fuqaro T.B.ga tegishli bo‘lgan jami 516 million so‘mlik tibbiyot dori vositalari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olingan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring