Jizzaxda toshkentlik shaxsning jasadi topildi. «Moykachi» bolalar qotil bo‘lishi mumkin

2022-yil 4-iyul kuni Mirzacho‘l tumani hududidan oqib o‘tuvchi PR-8 kanalidan o‘rta yoshli erkakning jasadi va yonib ketgan Spark mashinasi topilgan.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, jasadning shaxsiga aniqlanganda, u Toshkent shahri Mirobod tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro ekani ma’lum bo‘lgan. Spark mashinasi unga tegishli ekani oydinlashgan.
Tezkor qidiruv ishlari davomida ushbu jinoyatni Paxtakor tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi, 2004-yilda tug‘ilgan va Arnasoy tumani Cho‘lquvar mahallasida yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan yigitlar sodir etgani aniqlangan. Ulardan daliliy ashyo sifatida erkaklar bosh va oyoq kiyimlari, marhumga tegishli universal pichoq rasmiylashtirib olingan. 17 va 18 yoshli yigitlar gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan.
Dastlabki surishtiruvlarda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlagan ikki yigit uyiga ketish maqsadida Toshkent–Jizzax yo‘nalishli taksilari qatnaydigan bekatga kelgani aniqlangan. Ular bu yerda Spark mashinasi haydovchisiga 200 ming so‘m evaziga Jizzax shahriga olib borib qo‘yishni so‘rashgan.
Sirdaryo viloyatida mashina to‘xtagan vaqtida yigitlardan biri haydovchini bo‘g‘gan, sherigi haydovchining qo‘lini ushlab turgan. Haydovchi vafot etgandan so‘ng uni orqa o‘rindiqqa yotqizib, mashinani Mirzacho‘l tumaniga olib borishgan va jasadni kanalga tashlab yuborishgan. So‘ng mashinani yoqib yuborib, davlat raqami belgilarini ko‘mib tashlashgan.
Qayd etilishicha, mazkur qotillik yuzasidan prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter