Kar-soqov xizmatkor ayol shafqatsizlarcha kaltaklandi, bolasi urib tushirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda va messenjerlarda jismoniy imkoniyatlari cheklangan (kar-soqov) ayolga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘layotganligi aks etgan video tarqaldi.
Toshkent shahar Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi. 25-maydan 26-mayga o‘tar kechasi soat 03:15 larda 102 raqamiga tez tibbiy yordam muassasasidan kelib tushgan xabarga ko‘ra, 24 yoshli Moxizoda V. tan jarohatlari bilan keltirilganligi aniqlandi.
Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida quyidagilar ma’lum bo‘ldi. 24-may kuni 28 yoshli Mumtozbegim D. o‘zining Mirobod tumanidagi xonadonida bo‘la turib, ikki nafar tanishlari: 20 yoshli Diyora B. va 23 yoshli Mukarram M.lar bilan birga 24 yoshli Moxizoda V.ga tan jarohatlari yetkazishgan. Biroq ayol o‘zi tushuntirib bermagan sabablarga ko‘ra, o‘zi yashab kelgan ushbu xonadondan faqatgina 25-maydan 26-mayga o‘tar kechasi chiqqan. Nukus ko‘chasida Moxizoda V. o‘tib ketayotgan tez tibbiy yordam mashinasini to‘xtatib, qo‘l harakatlari bilan tibbiy yordamga muhtojligini ma’lum qilgan va oyog‘idagi jarohatlarni ko‘rsatgan.
Hozirda barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlangan, sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «v» bandi (Qiynash, ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida sodir bo‘lgan voqeaning sabablari batafsil o‘rganiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter