Mo‘ynoqdagi kondan gaz sizib chiqishi ro‘y berdi

Mo‘ynoqdagi gaz qudug‘idan gaz sizib chiqdi. Energetika vazirligi mazkur holatni tasdiqladi.
2025-yil 26-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Mo‘ynoq tumani, “Uchsoy” OFY hududida joylashgan “Muynoq” konida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka mo‘ljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatildi. Bu quduq — ushbu konda burg‘ilash ishlari boshlangan birinchi quduq hisoblanadi.
Gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori bo‘lganligi sababli, barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Voqea sodir bo‘lgan paytdan boshlab barcha tegishli tashkilotlar — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi Jamiyatga qarashli “Ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismining Markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zbekgeofizika” AJ hamda mahalliy hokimiyat mutasaddilari voqea joyida bo‘lib turibdi.
Eng asosiysi, ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda va gaz tarkibida oltingugurt yo‘q bo‘lgan toza metan hisoblanadi. Qayd etish joizki, Ustyurt hududidagi barcha konlardan olinadigan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt uchramaydi.
Ma’lumot uchun, ayni damda holatni bartaraf etish uchun xizmat qilayotgan ishchi xodimlar sog‘lig‘ini saqlash, shuningdek, atrof-muhit va hayvonot olamiga zarar yetishining oldini olish maqsadida gaz nazorat ostida yoqib qo‘yildi, deyiladi vazirlik xabarida.
Hech kim tan jarohati olmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil sentyabr oyida Boysundagi gaz konida vodorod sulfidi sizib chiqishi kuzatilgandi. Mazkur holatni bartaraf etish jarayonida bir necha kishi halok bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter