Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda murakkab jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

Buxoroda murakkab jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialida yuqori texnologik tibbiyot yo‘nalishida yana bir muhim amaliyot muvaffaqiyatli bajarildi. Respublika kattalar milliy tibbiyot markazining yetakchi transplantolog-jarrohlari hamkorligida navbatdagi murakkab jigar transplantatsiyasi yuqori aniqlik va zamonaviy standartlar asosida amalga oshirildi.

Bir necha yildan buyon jigar sirrozi tashxisi bilan kurashib, muntazam davolanib kelayotgan Kogon tumanida yashovchi 59 yoshli bemorga uning 34 yoshli qizi donor bo‘ldi. U o‘z jigarining bir qismini otasiga hadya qilib, unga hayot baxsh etdi.

Tirik donordan jigar ko‘chirib o‘tkazish tibbiyotdagi eng mas’uliyatli va yuqori malaka talab qiluvchi amaliyotlardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda shifokorlar uchun eng asosiy mezon — ham donor, ham bemorning xavfsizligini ta’minlashdir.

Yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti naq 8 soat davom etdi. Bir necha soha mutaxassislarining hamjihatlikdagi fidoyi mehnati tufayli nafaqat bemorning hayotini saqlab qolish, balki uning kelgusi hayot sifatini ham yaxshilash maqsad qilindi. Operatsiya oldidan donor va retsipiyentning holati har tomonlama chuqur o‘rganilib, barcha zarur tayyorgarlik choralari ko‘rilgan edi.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, ayni paytda ham donor, ham bemor malakali shifokorlarning qat’iy nazorati ostida. Ularning sog‘liq holati barqaror va qoniqarli deb baholanmoqda, tibbiy kuzatuvlar davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring