Namanganda ikki ishchi o‘pirilish ostida qolib halok bo‘ldi

2021 yil 24 aprel kuni Namangan shahri, Navoiy ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli uylarga kanalizatsiya tarmog‘i tortish uchun transheya kovlash ishlari olib borilayotgan paytda tuproq qatlami o‘pirilishi oqibatida yer sathidan 4,5 metr chuqurlikda ishlayotgan ikki nafar yollanma ishchi tuproq ostida qolib, hodisa joyida halok bo‘ldi.
Viloyat prokuraturasi xabariga ko‘ra, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli turar joy ob’yektlari qurilishi va kanalizatsiya tarmog‘i tortish ishlari «Azizbek avtogaz servis» MChJ tomonidan amalga oshirilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Jamiyatga turar joy ob’yektlarini qurish uchun Namangan shahar hokimi qaroriga asosan ruxsat berilganligi, biroq kanalizatsiya tarmog‘i tortish uchun yer uchastkasida qazish ishlarini amalga oshirishga shahar hokimining tegishli ruxsatnomasi olinmaganligi aniqlangan.
Hozirda halok bo‘lgan shaxslarning o‘limi sabablarini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Namangan shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan mazkur holat yuzasidan 2021 yil 24 aprel kuni Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qilish qoidalarini buzish) 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter