Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Talabalarni yo‘ldan urgan «baron»ga hukm o‘qildi

Talabalarni yo‘ldan urgan «baron»ga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi tomonidan o‘qilgan hukm bilan uch viloyatda yashab, o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda giyohvand vositalar savdosi bilan shug‘ullanganlarga uzoq yillik qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga tuman sudi raisi Bobur Umarov ma’lum qildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida tug‘ilgan, Termiz-Toshkent shahri yo‘nalishida aholiga pullik transport xizmati ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan 33 yoshli O. T. ijtimoiy tarmoqlar orqali shu jinoyatga aloqador ikki nafar 23 yoshli — Buxoro shahrilik T.T. hamda Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumanilik U.I. bilan tanishgan. Ular giyohvand vositalarni sotish va tarqatish maqsadida o‘zaro kelishgan holda manzilli uchrashuv belgilashgan.

O.T.  termizlik tanishi T.T. bilan kelishuvga ko‘ra, Toshkentda ko‘rishgan va unga polietilen paket o‘ramiga joylashtirilgan qoramtir-jigar rangli sof vazni 55 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi «gashish» giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda naqd 1000 AQSh dollar evaziga sotgan. Oradan bir necha kun o‘tgach, O.T. fuqaro T.T. bilan yana Toshkent shahridagi ko‘chalardan birida uchrashib, 3 ta o‘ramda bo‘lgan sof vazni jami 34,05 grammga teng giyohvandlik vositasini 700 AQSh dollari va 700.000 so‘m evaziga sotgan.

«G‘ayir maqsadni ko‘zlagan ikki shaxs shundan so‘ng asli xorazmlik bo‘lgan, Buxoro Davlat universitetitida tahsil olib kelayotgan talaba-yoshni chalg‘itib, unga ham giyohvandlik vositasini o‘tkazishni rejalashtirishgan va buni uddalashgan», — deydi sud raisi Bobur Umarov.

Ma’lum bo‘lishicha, T.T. Buxoro shahriga kelgan va  ijara uyda yashab kelayotgan talaba I.I.ni izlab topgan. Unga 17 dona qadoqlangan polietilen paketga solingan, sof vazni 14,81 gramm va 30,37 grammga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda o‘tkazgan.

Nafsi hakalak otgan O.T. o‘zida mavjud bo‘lgan barcha giyohvand vositalarni sotib tugatgach, aynan o‘sha kun unga «Telegram» ijtimoiy tarmog‘i orqali «Vor» nomi ostidagi raqamlari ko‘rsatilmagan profil egasidan yirik miqdordagi - 100 gramm giyohvand vosita sotilayotgani haqidagi xabar kelgan.  O.T. suhbatdoshining kimligiga ham qiziqmagan. Shartga ko‘ra, notanish fuqaroga tegishli bo‘lgan plastik kartaga 11 000 000 so‘m miqdorida pul ko‘chirib bersa, «mahsulot»ni yetkazib berilishi bildirilgan bo‘lgan.

Barcha harakatlarini xamirdan qil sug‘irgandek uddalab kelgan O.T. o‘ziga shaxsi noma’lum bo‘lmagan fuqaroga tegishli plastik kartaga 100 gramm giyohvand vosita uchun 11 000 000 so‘m o‘tkazma qilgan. U mahsulotni Termiz shahridan o‘tuvchi «At-Termiziy» ziyoratgohi oldida qabul qilib olishi kerak bo‘lgan.

«Aynan u shu manzilda Buxoro viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan. Uning fuqarolarga giyohvand vosita yetkazib beruvchi «ta’minotchisi» ham qo‘lga olingan. Sud tergov harakatlari davomida O.T.ning barcha kirdikorlari fosh etildi. Aynan shartnoma asosida turli viloyatlarda tahsil olayotgan, moddiy ko‘makka muhtoj talaba-yoshlarning ongini buzib, bugun ularning ham temir panjara ortida umr o‘tkazishiga sabab bo‘lgan bu shaxs sakkiz yilga «kesildi»,—dedi sud raisi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismiga ko‘ra, O.T.ning jinoiy sheriklari T.T. ga olti yil, talaba U.I.ga uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring