«Odnoklassniki» orqali tanishuv ayolga «qimmatga tushdi»
Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy tarmoqda tanishgan ayol bilan yaqin aloqada bo‘lgani aks etgan videoni tarqatib yubormaslik uchun undan pul va qimmatbaho buyumlar talab qilgan erkak qo‘lga olindi.
Bu haqda Tergov departamenti xabarida ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, Qarshi shahar Nizomiy ko‘chasida yashovchi 32 yoshli N.Q. shahar IIO FMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Uning aytishicha, o‘z arizasida 2021 yilning dekabr oyi o‘rtalarida «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i orqali Abror ismli shaxs bilan tanishgan.
Erkak u bilan bir marotaba yaqin munosabatda bo‘lgan holatini yashirincha videotasvirga olib, keyinchalik ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, uydagilariga ko‘rsatish bilan qo‘rqitgan.
Abror videoni oshkor qilmaslik evaziga 2022-yilning 7yanvar kuni 900 AQSh dollari talab qilib olgan bo‘lsa-da, yana ushbu videoni tarqatmaslik evaziga narxi 4 500 000 so‘mlik Samsung Galaxy A-71 rusumli telefon apparatini va 2 500 000 so‘mlik bir juft tilla sirg‘asini berishini talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida o‘zini Abror deb tanishtirgan shaxs fuqaro N.Q.dan talab qilingan Samsung Galaxy A-71 telefon apparati va bir juft tilla sirg‘asini olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, shaxsiga aniqlik kiritilganida, u Koson tumanida yashovchi 34 yoshli N.J. ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan N.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov jarayonida N.J. muqaddam yuqoridagi modda bilan sudlanganligi aniqlanib, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, qamoqqa olish tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter