Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘q uzilgan qora «Malibu» haydovchisi ashaddiy qoidabuzar bo‘lib chiqdi

O‘q uzilgan qora «Malibu» haydovchisi ashaddiy qoidabuzar bo‘lib chiqdi

Videodan kadr

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan va qurol ishlatib to‘xtatilgan «Malibu» haydovchisi holat yuzasidan izoh berdi.

Joriy yilning 7-yanvar kuni, soat taxminan 15.00larda Toshkent shahrining Yunusobod tumani Yangi shahar ko‘chasi bo‘ylab 1976-yilda tug‘ilgan, kuchli darajadagi mast holatida bo‘lgan, fuqaro A.A. boshqaruvidagi «Malibu» avtotransporti, shu yerda xizmat o‘tayotgan YHX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, o‘zgalarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solgan holda qochishga uringan.

Haydovchining noqonuniy harakatlari oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlarning oldini olish maqsadida, YPX xodimlari belgilangan tartibda o‘q otar qurolini qo‘llashgandi.

«Yunusobod tumani, Yangishahar ko‘chasida yo‘lning qarama-qarshi tomonidan «Malibu» rusumli davlat raqami bo‘lmagan avtoulov katta tezlik bilan harakatlanib kelayotgan paytda yo‘lning o‘rtasiga chiqib, diqqat ishorasini berdim. Ishoraga bo‘ysunmasdan harakatlanib, fuqarolar hayotiga xavf solganligi va xodimlarning qonuniy talablarini bajarmaganligi sababli IIV me’yoriy buyruq hamda talablariga asosan qurol qo‘llashga majbur bo‘ldim», — dedi YPX inspektori Elshod Rahmatov.

Haydovchiga tegishli hujjatlar o‘rganilganida ushbu fuqaro 2006 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi tomonidan JKning 266-moddasi 1-qismi, ya’ni transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi yarashuv bilan tugatilgan.

2007-yilda xuddi shu turdagi jinoyat ishi amnistiyaga asosan yakunlangan.

Shuningdek, haydovchi 2021-yilda ham qator yo‘l harakati qoidabuzarliklarini sodir etib, 7 900 000 so‘mdan ziyod jarimaga tortilgan.

«Bir o‘zim Beldirsoyga bordim. O‘sha yerda spirtli ichimlik iste’mol qildim. To‘rt kun turdimda, bu yer qimmatlik qilarkan deb hisob-kitob qilishim kerak edi. Pulim yetmay qoldi, Toshkentga do‘konimdan pul olish maqsadida kelgandim. Xodimlarning to‘xtatish ishorasiga bo‘ysunmadim… O‘zimning xatti-harakatlarimga javob berolmay qoldim, aroq ichdim, pivo ichdim, keyin «voobщye» o‘chib qolibman», — dedi «Malibu» haydovchisi.

Haydovchi spirtli ichimlik ichgani oqibatida bu kabi qoidalarni buzib, tartibsizlik qilganidan pushaymon ekanligini aytib o‘tgan.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: JKning 219-moddasi bilan ayblangan shaxs qonunda 5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring