Parkentdagi qishloqqa tog‘dan ayiq tushdi va ikki qo‘yni olib ketdi
Toshkent viloyati Parkent tumanining tog‘li qishloqlaridan biri bo‘lgan «So‘qoq» qishlog‘ining «Tosar» hududidagi «So‘qoq Laziz Soli» fermer xo‘jaligi yer maydonlariga 20 sentyabr kuni tunda Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i kelib qoldi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Axborot xizmati.
Unga ko‘ra, joriy yilda qish fasli sovuqroq kelganligi sababli tog‘li hududlardagi ayrim mevali daraxt va butalarni sovuq urib, hosil juda kamayib ketgan. Natijada ayiq ozuqa izlab, aholi yashash punktiga tushib kelgan va fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 14 bosh qo‘ydan 2 tasini olib ketgan. Bir bosh qo‘y yarador qilingan.
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Parkent tumani bo‘limi xodimlari va «WILDLIFE» zoopitomnigi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga borib, holatni o‘rgandi. O‘rganish natijasida «So‘qoq Laziz Soli» fermer xo‘jaligi yer maydonida qo‘ylarga mo‘ljallangan qo‘ra yog‘ochlari singanligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu hududning dala shiyponlarida yashovchi 4 ta oila 30 dan ortiq qora mol, qo‘y va echkilari bilan birga o‘zlarining yashash xonadonlariga ko‘chirib yuborildi.
21 sentyabrdan boshlab ayiq tushib kelgan hudud Parkent tumani Ekologiya bo‘limi, «WILDLIFE» MChJ xodimlari hamda Parkent tumani IIB nozirlari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. Hozircha hech qanday ayiq yoki boshqa yovvoyi hayvonlar kuzatilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter