Rahbar xodimining jag‘ini urib sindirdi
Qashqadaryo viloyati Yoshlar ishlari agentligi Qarshi shahar bo‘limi rahbari o‘z xodimini urib, jag‘ini sindirgan. Bu haqda «Millar» dasturida ma’lum qilindi.
Jabrlangan xodimning onasining aytishicha, rahbar va xodim o‘rtasida ish yuzasidan tortishuv yuzaga kelgan. Rahbar kutilmaganda xodimining jag‘ qismiga urib, tan jarohati yetkazgan.
«Jag‘ suyagi yorilib ketgan. Bu insonning bolasimi? U yoshlarga o‘rnak bo‘lish o‘rniga, urib, jag‘ini sindiryapti. O‘g‘limning jag‘ini tikdik. Hozir og‘zini ocholmaydi, gapirolmaydi. Og‘ziga suv tomizib o‘tiribmiz», — deydi ona.
Yoshlar ishlari agentligi Qarshi shahar bo‘limi rahbari holatni izohlashni istamagan.
Agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Sultonovning aytishicha, yig‘ilish vaqtida rahbar va xodim o‘rtasida o‘zaro hurmatsizlik bo‘lgan. Yig‘ilishdan so‘ng xonada ularning ikkisi qolgan, shu sababli holat bo‘yicha aniq ma’lumoti yo‘q.
Viloyat IIB tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter