Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada ayovsiz kaltaklangan buxorolik yigitning keyingi taqdiri ma’lum bo‘ldi

Rossiyada ayovsiz kaltaklangan buxorolik yigitning keyingi taqdiri ma’lum bo‘ldi

Foto: Xabar.uz

Rossiyada ijtimoiy tarmoqlardan birida e’lon qilingan videotasvir ko‘plab o‘zbekistonliklarni ham tashvishga solgan. Videotasvirda 21 yoshli buxorolik M.Sh. ismli yigitning rus millatiga mansub bir nechta yigitlar tomonidan «samosud» qilinib, qiynoqqa solingani aks etgan.

Videodagi tasvirlarga ko‘ra, buxorolik yigit rus millatiga mansub voyaga yetmagan qiz bilan Telegram messenjeri orqali tanishgan va u bilan ishqiy munosabatda bo‘lish istagi borligini bildirgan. Yozishmada yigitning taklifiga qiz qarshilik ko‘rsatmagan, ya’ni qiz tomonidan: «U menya roditeli uyexali. Mojem u menya posidet» degan javob kelgan. Shundan so‘ng M.Sh. qizdan uning rasmi yoki videosini tomosha qilish uchun jo‘natishini so‘ragan. Biroq, qiz tomonidan surat va videolar M.Sh.ning shaxsiy telegrammiga kelib tushmagan bo‘lsa-da, ular uchrashishga kelishishgan. Uchrashuv belgilangan joyga esa M.Sh. qizning o‘zi emas, uning yaqinlari chiqishganiga guvoh bo‘lgan va shu yerda u «samosud» qilingan. «Samosud» jarayonlari tarmoqda e’lon qilingan va ushbu videotasvir tarqalib ketgan.

Videotasvirda 3-4 nafar rus millatiga mansub yigitlar muhojir yigitni urib, tepib, do‘pposlashgan. Burun, yuz, qo‘l-oyoq va bel sohalariga qattiq zarb bilan tepib, ko‘z va yuziga ko‘zni achishtiruvchi va yoshlantiruvchi gaz purkagich bilan otishgan. Ko‘zi achishib, zaharlangan muhojirni yana tepib, do‘pposlab, ustidan benzin quyishgan. Videotasvirdagi voqea shu yerda yakunlangan.

«Xabar.uz» muxbiri asli buxorolik bo‘lgan muhojir yigitning bugungi ahvoli va taqdiri bilan qiziqqan. Ushbu masalada tegishli mas’ullar e’tiborini jalb etgan. Aniqlik kiritilishicha, Buxoro shahridagi Turki Jandiy mahallasi fuqarosi M.Sh. joriy yilning 11 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi, Adigeya respublikasi, Maykop shahrida pul ishlash maqsadida otasi bilan birga jo‘nab ketgan bo‘lgan. Va voqeadan bir necha oy o‘tgach, O‘zbekistonga qaytgan.

«Xabar.uz» muxbiri Turki Jandiy mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar masalasi bo‘yicha hokim yordamchisi Mirshod Ja’farov hamda hudud inspektori bilan birgalikda  fuqaro M.Sh.ning xonadonida bo‘lib, u bilan suhbatda bo‘lgan.

«Videoda aks etgan tasvirlar to‘g‘ri. Yashirishga hojat yo‘q, haqiqatan ham muhojirlik paytimda shunday holat sodir bo‘ldi. Voqea joriy yilning 21 may kuni  yuz bergan edi. Qiyin vaziyatdan qanday chiqib ketganimni aytmayman. Yordam berishdi. Men tirikman. Hammasi yaxshi, qochib ham kelmaganman...»,-dedi M.Sh.

«Ayanchli «samosud»ni ko‘rib, jabrlanuvchining, ya’ni muhojir bir yigitning taqdiri qanday yakunlangani ko‘pchilikni tashvishga soldi... »-deymiz.

«Avvalo, xavotir olganlaringiz uchun rahmat. Ammo, ko‘rib turganingizdek, tirik va soppa-sog‘man. Ortiqcha bu haqda eslashni ham, so‘zlashni ham istamayman»,-dedi suhbatdosh.

M.Sh.ning so‘ziga ko‘ra, videotasvir bilan bog‘liq jinoiy ish Rossiya federatsiyasi huquq-tartibot organlari vakillarini sergaklantirgan va aybdorlar ushlangan. Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari yakunlangan va sudga oshirilgan.

«Ular o‘z qilmishlariga yarasha jazo olishadi. Aytishim mumkinki, videotasvirdagi yozishmalar feyk, to‘g‘ri, ayrimlarini o‘zim yozganman, ammo, hammasi ham menga tegishli emas. Videoda esa xuddiki meni aybdordek qilib qo‘yishgan. Agar men aybdor bo‘lganimda, bu paytda ular emas, men qamoqda o‘tirgan bo‘lardim...» -dedi suhbatdosh.

Ma’lumot o‘rnida: Rossiya Federatsiyasida muhojirlikdan qaytgan 21 yoshli fuqaro M.Sh. bilan u istiqomat qiladigan mahalla fuqarolar yig‘inida profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring