Samarqanddagi to‘yda ommaviy zaharlanish sodir bo‘ldi
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi to‘yxonalarning birida o‘nlab kishi salatdan zaharlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, holat 4 avgust kuni soat 05:30 da Urgut tuman, «Jarqishloq» mahallasidagi «Toshpo‘lat ota» to‘yxonasida sodir bo‘lgan. 3 avgust kuni o‘tkazilgan to‘y tadbirida ishtirok etgan 7 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin sohasida og‘riq, ich ketishi va tana harorati ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan tungi soat 02:00 dan boshlab ertalab 10:45 ga qadar o‘tkir ovqat toksikoinfeksiyasi tashxisi bilan tuman yuqumli kasalliklar bo‘limiga, bir nafar bemor esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Shifoxonalarda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Barcha bemorlar o‘z kasalliklarini 2023 yil 3 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida «Toshpo‘lat ota» to‘yxonasida iste’mol qilingan mayonezli salatlar bilan bog‘lagan.
Qayd etilgan holat yuzasidan Sanepidqo‘mita Urgut tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar natijasida to‘y egasi tomonidan to‘ydan bir kun avval, ya’ni 2 avgust kuni tayyorlangan salatlar dasturxonga tortilganligi aniqlandi. Salatlar dasturxonga qo‘yilgunga qadar saqlash qoidalariga rioya etilmagan uy sharoitida sovitkichsiz saqlangan.
Tibbiyot xodimlari tomonidan to‘yda ishtirok etganlarni aniqlash maqsadida uyma-uy surishtirish o‘tkazilib, kasallik belgilari aniqlangan 41 nafar fuqaro tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Bemorlarning ahvoli o‘rta og‘irlikda deb baholanmoqda, og‘ir ahvoldagi bemorlar yo‘q.
Ushbu holat Sanepidqo‘mita tomonidan to‘liq nazoratga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter