Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergelidagi portlash aybdorlariga hukm o‘qildi

Sergelidagi portlash aybdorlariga hukm o‘qildi

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi «Quruvchilar» dahasida 2023 yilning sentyabr oyida dahshatli portlash sodir bo‘lgandi.

«Interlogistics» MChJ hududidagi omborxonada yuz bergan yong‘in va portlash oqibatida jami 163 nafar kishi jabrlangan. Ularning 150 nafari yengil va 13 nafari og‘ir tan jarohati olgan. Bir nafar voyaga yetmagan fuqaro vafot etgandi.

IIV Tergov departamenti tomonidan mazkur holat ortidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda jinoiy ish doirasida 4 kishi qamoqqa olinib, yana bir kishiga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgani aytilgan edi.

Kuni kecha portlashda aybdor deb topilganlarga sud hukmi o‘qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi.

Sud hukmiga ko‘ra, «Inter Logistics» MChJ direktori F.S., qo‘riqlash (harbiylashgan, yong‘indan saqlanish, qorovullik) boshlig‘i F.A., «Polychem» MChJ direktori S.B. va ombor mudiri N.K. aybli deb topilib, ularning barchasiga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Mahkumlar tayinlangan jazoni manzil koloniyada o‘tashi belgilandi. 

Shuningdek, jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarlarga Inter Logistics MChJ va Polychem MChJdan 282 milliard so‘m mablag‘ solidar tartibda undirilishi belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring