Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda tajovuzga uchragan shifokor og‘ir ahvolda qolmoqda

Toshkentda tajovuzga uchragan shifokor og‘ir ahvolda qolmoqda

Toshkentda yana bir shifokorga tajovuz holati kuzatildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda. 

24-mart kuni kechki payt soat 23:15 larda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo‘limiga poytaxtning Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N. onasi hamrohligida tekshiruvga olib kelinadi.

Bemorning onasi toksikolog xonasida o‘z xizmat faoliyatini o‘tayotgan navbatchi shifokor N.Tashpo‘latovaga o‘g‘li bir necha kundan beri spirtli ichimlik ichayotganligini bildirgan.

Navbatchi shifokor o‘sha vaqtda boshqa bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotganligini va bundan so‘ng ularni ham qabul qilib, kerakli yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.

SSVga ko‘ra, bemorning onasi tibbiyot xodimlariga nisbatan turli haqoratli va tuhmat so‘zlar bilan e’tiroz bildirishni boshlagan. Bu ham yetmagandek bemor U.N. to‘satdan shifokor N.Tashpo‘latovaga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

— Shifokor N.Toshpulatovada bosh miya shishi asorati kuzatilib, “Ko‘shma kraniofatsial jarohat. Og‘ir darajadagi bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya og‘ir darajada lat yeyishi. Subaraxnoidal qon quyulishi. Burun suyaklari va burun to‘sig‘i sinib siljishi. Ensa va burun sohalarni yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi. Nazogemorreya” tashxisi bilan neyroreanimatsiya bo‘limiga yotqizildi, — deydi ushbu markaz direktori Doniyor Alimov. — Ayni paytda u kuchli karaxtlik darajasida bo‘lib, og‘ir ahvolda davolanmoqda. Bemor atrofdagilarga sekin reaksiya berib, muloqotga kirishishga qiynalmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring