Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tovuqlar ostiga «dori» yashirgan shaxs aniqlandi

Tovuqlar ostiga «dori» yashirgan shaxs aniqlandi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxs o‘tirgan «Lasetti» avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashina salonining orqa o‘rindig‘ida turgan qog‘oz qutida turgan tovuqlar tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi. Qarangki, parrandalar ostiga bug‘doy kepagi bilan niqoblab yashirin bo‘lma hosil qilinganligi va ularning ichiga 241 dona «Midaks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirilganligi fosh bo‘ldi.

Mazkur qonunbuzarlik holatini ildizi bilan bartaraf etish maqsadida tezkor tadbir Namangan shahrida davom ettirilib, fuqarolardan birining yashash xonadoni va yordamchi xonalari ko‘zdan kechirildi.

Ko‘zdan kechirish davomida bu yerda istiqomat qiluvchi shaxs 1 dona qog‘oz qutida 236 dona «Midaks» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini o‘z ixtiyori bilan taqdim etdi.

Ikkala holatda ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan jami 477 dona dorilarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 143 mln. so‘mdan oshmoqda.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 142 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 17 mlrd. 459 mln. so‘mlik salkam 295 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring