Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda Favqulodda vaziyatlar bo‘limi «tovon» to‘lashga majbur bo‘ldi

Navoiyda Favqulodda vaziyatlar bo‘limi «tovon» to‘lashga majbur bo‘ldi

Foto: Xabar.uz

Navoiy viloyati, Karmana tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutasaddi rahbarlari ishdan bo‘shatilgan sobiq xodimiga 6 oy davomida mehnat daftarchasini qaytarmadi.

«Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq xodimining mehnat daftarchasini 10 million 868 so‘m miqdorda «tovon» to‘lash bilan qaytarishga majbur bo‘ldi», — deya «Xabar.uz»ga ma’lum qildi Navoiy shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Shirinbek Ochilov.

Ta’kidlanishicha, Navoiy shahrida yashovchi fuqaro Shohruh Yodgorov Karmana tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga 2021-yilning 9-dekabrida dispetcher bo‘lib ishga kirgan. Bo‘lim mutasaddilari esa har gal yangi xodimga «ishsizlarni ishga joylashtirdik» qabilida yo‘l tutib kelishgan.

«Hatto, 3 oy ham ishlamadim. Ishga kirganimning qariyb har kuni shu minnat, shu kesatig‘ bilan o‘tdi.  2022-yilning 1-martidan men bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Biroq, Karmana tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mehnat daftarchamni qaytarib bermadi. Murojaatlarim ham befoyda bo‘ldi. Sabab esa yo‘q edi.  Mehnat munosabatlaridagi adolatsizlikka chek qo‘yish uchun 6 oy deganda, Navoiy shahar adliya bo‘limidan huquqiy yordam so‘rashga majbur bo‘ldim», — deydi Shohruh Yodgorov.

Shundan so‘ng Navoiy shahar adliya bo‘limi fuqaro Shohruh Yodgorov manfaatiga javobgar Navoiy viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga nisbatan ish haqqi va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudiga ariza bilan murojaat qilgan. Sud esa fuqaroga 6 oy davomida mehnat daftarchasini qaytarib bermagan Karmana tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limidan majburiy progul tufayli da’vogar uning foydasiga 10 million 868 so‘m miqdorda kompensatsiya pullari va 1 million so‘m ma’naviy zarar undirishni qanoatlantirgan.

Bildirilishicha, sud ishida Navoiy viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining mehnat munosabatlariga mas’ul xodimlaridan biror xodim ishtirok etmagan.

«Chunki tashkilotning xatosi bilan 6 oy davomida jabr tortib kelgan sobiq xodimning huquqlari adolatli tiklandi. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 108-moddasida mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini berishi shart. Yo‘qsa, mazkur kodeksning 275-moddasi bilan majburiy progul vaqti uchun haq to‘laydi. Xuddi Karmana tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi singari. Mehnat daftarchasi fuqaroga ish joyidan qaytarib berilmasa, o‘sha tashkilot holiga «voy»,— deydi Shirinbek Ochilov.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring