Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«14 oydan beri pulimni bermay aldab yuribdi…»

«14 oydan beri pulimni bermay aldab yuribdi…»

Foto: Xabar.uz

«Unitar korxonaga 30 tonna bitum mahsulotini 3 kunda pulini berish sharti bilan berganman. Mana oradan 14 oy o‘tibdiki, 142 million so‘m pulimni bermay aldab yuribdi. Men ishchilarga oylik va soliq to‘lagani qiynalib qoldim», deb boshlanuvchi ariza muallifi «Mahmud» MChJ (nomi o‘zgartirilgan) rahbari Namangan viloyatida faoliyat ko‘rsatadi.

U Andijon viloyati Avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi tarkibidagi «Marhamat tuman yo‘llardan foydalanish» UK qarzdorlikni uzmayotganidan shikoyat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 28 fevral kuni tadbirkor bilan unitar korxona o‘rtasida umumiy qiymati 1,5 mlrd so‘mni tashkil etuvchi bitum mahsulotini yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolangan.

Ushbu shartnomaga asosan, tadbirkor majburiyatlarini bajarib, 2022 yil 30 mart kuni 180 mln so‘mlik bitum mahsulotini yetkazib bergan.

Unitar korxona tomonidan yetkazib berilgan mahsulot uchun 2022 yil mart-aprel oylarida 38 mln so‘m mablag‘ to‘langan. Qolgan 142 mln so‘m qismi to‘lanmasdan, shartnoma majburiyatlari bajarilmagan.

Bu tadbirkorning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, faoliyatini amalga oshirishda muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Nochor ahvolga tushib qolgan tadbirkor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakildan amaliy yordam so‘rashdan o‘zga chorasi qolmaydi.

Natijada vakil tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilib, tadbirkorning qonuniy manfaatlari himoya qilindi. Sud tomonidan unitar korxonadan tadbirkor foydasiga 142 mln so‘m qarzdorlikni undirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Buyam yetmagandek, unitar korxona davlat boji va pochta xarajatlarini ham to‘lashga to‘g‘ri keldi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring