Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

5 oylik kelinning zo‘rlanishi bilan bog‘liq e’lon qilinayotgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berildi

5 oylik kelinning zo‘rlanishi bilan bog‘liq e’lon qilinayotgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berildi

Фото: Xabar.uz

Internet, ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda 5 oylik kelinning zo‘rlanishi bilan bog‘liq e’lon qilinayotgan xabarlar yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.

2021-yil 13-may kuni fuqaro O.O.ni zo‘rlanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga o‘tkazilgan va tergov guruhi tuzilgan.

Holat yuzasidan hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi chiqib, videotasvirga olgan holda ko‘zdan kechirilgan va tergovga qadar tekshiruv davomida ishga aloqador bo‘lgan barcha ashyolar olingan.

Tergov harakatlari davomida jabrlanuvchi hamda gumon qilingan shaxslarning barchasi sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazilib, olingan ashyolar bo‘yicha sudga oid biologiya, sudga oid kriminalistika va sudga oid mikrotola ekspertizalari tayinlangan.

Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan barcha shaxslar guvoh tariqasida batafsil so‘roq qilinib, gumonlanuvchilarning shaxslari tezkor yo‘llar bilan o‘rganilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlash va zudlik bilan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tergov harakatlari bo‘yicha Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan yozma ko‘rsatma berilib, tergov harakatlari ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida olib borilishi, aybdor shaxslar doirasi to‘liq aniqlanib, ularga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

Prokuratura organlari har bir xabar yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlaydi va fuqarolarimizdan vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanmagan turli asossiz xabarlarga tayanmaslikni so‘rab qoladi.

Viloyat prokuraturasi aholi orasida yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan hamda vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatadi!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring