Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Foto: «Norma.uz»

2018-yil 9-yanvarda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun imzolandi. Qonunga ko‘ra, Jinoyat, Oila hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda belgilangan aliment masalasiga oid normalar o‘zgartirildi, yangi modda bilan to‘ldirildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olish yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Jumladan, endilikda Jinoyat kodeksiga ko‘ra moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq (oldin ikki oy edi) muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa — ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi. (Yangi tahrirda 122-moddaning sanksiyasidan jarima va majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazolar chiqarilgan).

Shuningdek, shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lasa, javobgarlikdan ozod etilishi ham belgilangan.

Oila kodeksining 99-moddasida avval har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam ish haqining uchdan bir qismidan kam bo‘lmasligi kerakligi belgilangan edi, yangi tahrirga ko‘ra, har bir bola uchun aliment miqdori qonunchilikda belgilangan eng kam ish haqi miqdorining 75 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring