«Asalhoney» qotiliga sud hukmi o‘qildi
«Asalhoney» nomi bilan tanilgan A. X. ning o‘limiga oid jinoyat ishi yuzasidan sud jarayoni nihoyasiga yetdi.
Bugun, 2022-yil 9-avgust kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida sudlanuvchi K. Sh. (1997 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqilib, sud hukmi e’lon qilindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi raisi T. Obidov tomonidan e’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, K. Sh. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «i» bandi va 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismi «v», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan asosiy jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 16,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishi bo‘yicha «Ipak Yo‘li» OAITB Chilonzor filialida saqlanayotgan 10 269 000 so‘m jabrlanuvchining qonuniy vakiliga qaytarilishi va sudlanuvchidan qonuniy vakil foydasiga 20 849 899 so‘m qoplanmagan zarar undirilishi belgilandi.
Qonuniy vakilga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Hukm ustidan apellyasiya shikoyati va protesti hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran 20 sutka ichida, mahkum va fuqaroviy da’vogar tomonidan esa ularga hukmning ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida Toshkent shahar sudiga berilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Asalhoney»ning qotili uni qanday o‘ldirganini gapirib bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter