Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura Kusherbayev haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Bosh prokuratura Kusherbayev haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Foto: Xabar.uz

Kechadan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R. Kusherbayev boshida «qora bulutlar» aylanayotgani, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mahalliy tadbirkorlarga bosim o‘tkazib, unga qarshi ko‘rsatma olishga urinayotganiga oid xabarlar aylanmoqda.

Deputatning o‘zi ham bu masalada to‘xtalib, «bu ayrim nopok shaxslarning dunyoqarashi ekani, bo‘layotgan ishlardan qattiq xafaligini» bildirdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmat rahbari Hayot Shamsutdinov «Xabar.uz» so‘roviga ko‘ra ushbu xabarlarga munosabat bildirar ekan, deputatga nisbatan prokuratura organlari tomonidan qandaydir ta’sir ko‘rsatishga urinilayotganini inkor etdi. Bunday asossiz iddaolar ortidan kelib chiqayotgan shov-shuvlar jamoatchilik fikrini chalg‘itishi barobarida xolis tergovga ta’sir qilishi ehtimolini yuzaga keltirayotganini ta’kidladi.

«R.Kusherboyevga nisbatan ko‘rsatma olish» uchun go‘yoki «hiqqildog‘idan olinayotgan» tadbirkorlarga oid jinoyat ishi bo‘yicha H.Shamsutdinov quyidagilarni ma’lum qildi.

Ta’kidlashicha, dastlabki tergov jarayonida ayblanuvchilarga nisbatan ruhiy yoki jismoniy bosim o‘tkazganlik holati bo‘yicha hech qanday shikoyat kelib tushmagan.

Dastlabki tergov hujjatlarga ko‘ra, B.Kuziyev Yangiyo‘l tumanida tashkil etilgan «Qo‘shyog‘och Oltin Fayzli Baliqlari» MChJga norasmiy ravishda rahbarlik qilib, (ushbu jamiyatga rasman rahbarlik qilib kelgan) ukasi J.Zokirjonov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 04.12.2018-yildagi 983-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Foydali qazilmalarni qazib olish uchun kon ajratish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga zid xatti-harakatlar sodir etishgan. Nizomda ko‘ra, qazib olingan keng tarqalgan foydali qazilmalar va yer osti suvlaridan yer uchastkasi egasi (foydalanuvchi)ning xo‘jalik yoki maishiy ehtiyojlari uchungina foydalanilishi, foyda olish maqsadida qazib olingan foydali qazilmalarni boshqa korxonalar, tashkilotlar va fuqarolarga sotish yoki berishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Bundan tashqari Toshkent viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining  ekspertiza xulosasida – baliq xavzasini tashkil etish jarayonida qum-shag‘alni boshqa iste’molchilar va korxonalarga foyda olish maqsadida berish va sotish qat’iyan ta’qiqlanganligi ko‘rsatilgan.

«Qo‘shyog‘och Oltin Fayzli Baliqlari» MChJni boshqarib kelishgan aka-ukalar yuqoridagi talablar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Suv ob’yektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaroriga (PQ-3286-sonli) zid ravishda qurilish qurmaslik sharti bilan baliq boqish uchun sun’iy hovuz qurilishini loyixalashtirish maqsadida Yangiyo‘l  tumanining Yangihayot massividan  ajratilgan 11,8 gektar yer maydonining 4,0 gektar qismidan  (baliqchilik havzasini tashkil etish maqsadida) qazib olingan jami 57.218,01 m3 hajmdagi qum-shag‘al aralashmalarini ish haqi va boshqa maqsadlarda hisob-kitob qilish maqsadida hududdan olib chiqib ketilishiga yo‘l qo‘yishgan. Natijada o‘ziga ishonib topshirilgan va uning ixtiyorida bo‘lgan davlat va jamoatning qiymati 600 mln. 789 ming 105 so‘mlik juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida J.Zokirjonovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Uning akasiga tergovdan yashiringani sababli unga nisbatan ham ayni modda bilan ayb e’lon qilinib, qidiruvga berilgan.

Jinoyat ishining J. Zokirjonovga tegishli qismi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlanib, mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring