Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bunga faqat yig‘lash kerak» — deputat Rasul Kusherbayev Musulmonlar idorasi xodimidan shikoyat qildi

«Bunga faqat yig‘lash kerak» — deputat Rasul Kusherbayev Musulmonlar idorasi xodimidan shikoyat qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekiston musulmonlar idorasi xodimining qilmishi haqida chiqish qildi. Deputatning aytishicha, idora xodimi yolg‘on ko‘rsatma bergan. Uning yolg‘oni fosh bo‘lgandan so‘ng, odob chegarasidan chiqib, atrofdagilarni haqorat qilgan.

Quyida deputat Rasul Kusherbayevning fikrlarini to‘liq keltiramiz:

«Har xil idoralar bor, ularning orasida nomi ulug‘lari ham bor. U yerlarda ikkiyuzlamachi xodimlar ishlayapti, deb o‘ylamaysiz. Lekin bor ekan. Misol uchun, judayam hurmat qiladigan — Musulmonlar idorasi. Idorada shunday ikkiyuzlamachi odamlar ishlar ekan. Hayron qoldim, yoqamni ushladim. Bo‘lgan gapni bo‘lmagan, bo‘lmagan gapni bo‘lgan, deb guvohlik beryapti. Audioyozuvlari qo‘yib berilganidan keyin, uni yolg‘onlari oshkor bo‘ldi. Yana yuzingizga qarab turib, «Senlar munofiq ekansanlar, yashirincha ovozimni yozib olibsanlar», deb aytyapti.

Baraka topgur, o‘zing yolg‘on guvohlik berganing uchun munofiq emasmisan? Agar shunday dargohda shu kabi insonlar bo‘lsa, biz kimga, qayerga ishonamiz?

Men u idorani sha’niga, nomiga yomon gap aytmoqchi emasman. Afsuski, ikkiyuzlamachi, munofiqlar borligini ulug‘ dargohda ko‘rib, to‘g‘risi, qo‘rqib ketdim!

Yaqinda bir yigit chiqib, internetda o‘z dardini aytib qoldi: Haj va Umra ziyoratining monopoliyasi — to‘siqlar, byurokratiya, korrupsiya ishlari haqida gapirib berdi. Ochig‘i, bunga faqat yig‘lash kerak. Bir vaqtlar «Yig‘la Turkiston» degan she’r bo‘lar edi.

Yig‘la, yig‘la, Turkiston, yig‘la, Turkiston,

Ruhsiz tanlar tebransun, yig‘la, Turkiston. (Hamza Hakimzoda)

Shu she’r dolzarb bo‘lib qoldi. Ahvolimizga yig‘lash kerak. Xalq, odamlar ko‘rib turibdi. Lekin qonunni qo‘llovchilar, xalqqa xizmat qilishi kerak bo‘lganlar xalqni ustiga chiqib olib, kalaka qilib, nima bo‘lsa ustidan mag‘zava ag‘darib qulog‘i tinch, bemalol yashab yuribdi. Bunga faqat yig‘lash kerak!», deydi u.

Deputat Rasul Kusherbayev o‘z chiqishida voqea qachon va qayerda bo‘lgani, aynan Musulmonlar idorasining qaysi xodimi bu ishni qilganiga aniqlik kiritmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring