Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallashga qarshi Bosh prokuratura chora ko‘radi

Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallashga qarshi Bosh prokuratura chora ko‘radi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-apreldagi Farmoniga muvofiq, o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha 2019-yil 1-mayga qadar umumdavlat aksiyasi tashkil etildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining uy-joyga doir huquqlarining amalga oshirilishi va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ko‘maklashishdan iborat.

Ushbu aksiya doirasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga egalik huquqini e’tirof etish haqida Davlat xizmatlari markazlariga 932 748 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 574 213 tasi qanoatlantirilgan.

Shuningdek, turar joyi aholi punktlarining bosh rejalari loyihalariga to‘g‘ri kelmaganligi, shaharsozlik normalariga rioya etilmagan holda qurilganligi, ular tabiiy xavfi yuqori bo‘lgan hududda joylashganligi va boshqa shaxslarning huquqlarini buzganligi sababli 179 824 tasi rad etilgan.

Qolgan 178 711 ta murojaatni ko‘rib chiqish davom etmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini inobatga olib, bunday toifadagi yerlarni talon-taroj qilish holatlarining oldini olish maqsadida 2019-yil 4-martda tegishli qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi.

Sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarga, shuningdek yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishga doir javobgarlik kuchaytirilganligiga qaramasdan ushbu toifadagi huquqbuzarliklar soni oshib bormoqda.

Masalan, Bosh prokuratura tomonidan Toshkent viloyatida yerdan foydalanishga oid qonunlar ijrosi o‘rganilganda, 2019-yilning dekabr oyida 9 169 ta holatda 1 203 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallanganligi, 3 753 ta holatda 364 gektar yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilish qilinganligi aniqlandi.

Bunday salbiy holatlar respublikaning boshqa hududlarida ham kuzatilmoqda.

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Bosh prokuratura tomonidan sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish choralari ko‘rilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring