Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onalik jurnalist qamoqdan chiqarildi

Farg‘onalik jurnalist qamoqdan chiqarildi

Kecha farg‘onalik jurnalist Usmonjon Qodirov bir necha ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblanib, 15 sutka qamoq jazosiga tortilgani, biroq ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar to‘lqinidan uning «ichkarida» yoki ozodlikda ekanini ilg‘ash imkoniyatini bermayotgani haqida yozgandik.

Bugun uzil-kesil ma’lum bo‘ldiki, U.Qodirov, haqiqatdan 15 sutkadaga «kesilgan» va 27-may kuni kech soat 19.00dan boshlab, jazo o‘tashni boshlagan. Biroq oradan bir yarim sutka o‘tib, vaziyat keskin o‘zgardi: u qamoqdan ozod etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, bugun Usmonjon Qodirov Farg‘ona shahar ma’muriy sudi (sudya S.Kurbanov) qaroriga nisbatan bergan kassatsiya shikoyati viloyat ma’muriy sudida (sudya U. Ahmedov) ko‘rib chiqilgan. Va unga nisbatan tayinlangan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi 2 sutkaga tushirilib, ozodlikka chiqarilgan. Chunki, uning ikki kun «o‘tirgani» bugun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘lganini anglatadi.

Yaxshi xabar. Biroq jurnalist qancha tez qamoqqa tiqilgan bo‘lsa, shuncha tezlik bilan ozod etilishi qator-qator savollar tug‘dirmay qolmaydi.

Anglab turganingizdek, U.Qodirovga berilgan 15 sutka qamoqning ikki kunga tushirilgani uning oqlanganini bildirmaydi. Ya’nikim, sudning kassatsiya instansiyasida yosh jurnalistga tirkalgan Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish (MJtK, 54-modda), mayda bezorilik (183-modda) va Ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslik (194-modda) kabi huquqbuzarliklar o‘zgarishsiz qolgan.

Sud uning qilmishiga iqror va pushaymonligi, shuningdek, jabrlanuvchidan so‘ragan uzrini inobatga olib, jazoni yengillashtirgan, xolos. Eng qizig‘i, sud qaroriga jabrlanuvchi bo‘lmish Farg‘ona shahar IIO FMB 4-son IIB profilaktika inspektori M.Hamraliyev ham shikoyat yozib (?!), U.Qodirovga yengillik berishni so‘ragan?! Vaholanki, M.Hamraliyev ikki kun avval o‘tgan suddan jurnalistga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi berishni talab qilgan edi!

O‘tgan qisqa vaqt ichida profilaktika inspektoriga Xudo insof berganmi yoki kimlarningdir «pand-nasihati» ta’sir qilganmi – bu endi uning vijdoniga havola!

Alohida qayd etish kerak, jurnalistning huquqbuzarligiga o‘zining iqror-yu jabrlanuvchi M.Hamraliyevning ko‘rsatmasidan boshqa dalilning o‘zi yo‘q. Holbuki, u kuppa-kunduzi, jamoat joyida (Farg‘ona viloyati hokimligi binosining shundoq yonida!) inspektorni «...uyatli so‘zlar bilan so‘kib, baqir-chaqir qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzganlik»da ayblangan, biroq «osoyishtaligi buzilgan» birorta guvoh yo‘qligiga qarmay, sud bosi-i-i-b jazo bervorganiga avvalgi maqolamizda alohida urg‘u berilgandi...

Jurnalistning «ishi»ga bog‘liq shu va shu kabi sirli-sinoatli holatlarga yaqin kelajakda oydinlik kiritilishiga umid qilish mumkin hozircha.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyat teleradiokopaniyasi muxbiri Usmonjon Qodirov 27 may kuni ijtimoiy tarmoqda noto‘g‘ri xabar tarqatgani uchun viloyat hokimi matbuot kotibi Muhammadjon Obidovning «suhbatiga chaqirilgan», muloqot jarayonida xatosini tan olib, uzr so‘ragan, uning tazarrusi aks etgan lavhani M.Obidov pisandaga to‘la matn ila «Facebook»dagi sahifasiga joylagandi.

Shundan so‘ng yosh jurnalist bir muddat «yo‘qolib qoladi», o‘sha kuni (27-may) kechga yaqin 15 sutkaga «kesilgani» esa kecha (28-may) ma’lum bo‘ladi. Bu orada yosh jurnalistning u bilan hammasi joyida ekani, zarur ish bilan bandligi haqidagi murojaati ham tarqalishga ulguradi (qay tarzda bu amalga oshirilgani jumboq). Bugun (29-may), ko‘rib turganingizdek, favqulodda tezkorlik bilan o‘tgan kassatsiya sudida yengillik berilib, ozodlikka chiqarib yuborilyapti...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring