Feldsher bosh bo‘lgan jinoiy guruhga hukm o‘qildi
Joriy yilning 30 yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Chortoq tuman tez tibbiy yordam feldsheri o‘zining yashash xonadonidan «Kobalt» rusumli avtomashinada chiqib ketayotgan vaqtida to‘xtatilgan.
Transport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salonida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 1000 dona «Zodak» dori vositasi borligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, feldsher ushbu dori vositalarini sotish maqsadida Andijon viloyatiga yubormoqchi bo‘lgan. Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, dori vositalari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan yashirin sex borligi aniqlanib, sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan 763 dona «Anaferon», 2125 dona «Zodak», 4000 dona «Vitamin V6» dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori preparatlarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, plastik qopqoq va probkalar, dori qutilari va yo‘riqnomalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxs dori vositalarini tayyorlash va saqlash uchun o‘zining 1977 y.t. opasini hamda 1974 y.t. qarindoshini jalb qilgan.
Tadbir davomida uning opasining yashash manzilidan ham 120 dona «Zodak», 260 dona «Anaferon», 96 dona «Xilak Forte» va 313 dona nomsiz flakonlarga soligan sirop holidagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov jarayonida tez yordam feldsherini dori vositalari tayyorlashda kerak bo‘ladigan etiketka, flakon, qopqoq va probkalar, dori qutilari hamda yo‘riqnomalar bilan Andijon shahrida yashovchi, 1991 y.t. shaxs ta’minlab turganligi aniqlandi.
Shuningdek, ushbu jinoyatga aloqador bo‘lgan Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi, 1986 y.t. fuqaroning yashash xonadonida o‘tkazilgan tintuv-tergov harakati davomida tez yordam feldsheridan sotib olingan, umumiy qiymati 27 mln. 646 ming 800 so‘mlik 150 dona «Zodak» va 146 dona «Xilak Forte» dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergov jarayonida qo‘lbola usulda tayyorlangan dori vositalarining oldi-sottisiga Chortoq tumanida yashovchi, 1994 y.t., tibbiyot yo‘nalishidagi davlat oliy ta’lim muassasasining talabasi ham aloqador ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ta’kidlash lozimki, yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon va Qo‘qon shaharlarida sotuvga chiqarilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar Jinoyat Kodeksining 186 prim 3-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, Chortoq tuman tez tibbiy yordam feldsheri hamda uni xom-ashyo bilan ta’minlab turgan, Andijon shahrida yashovchi fuqaroga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qolgan 4 nafar shaxsning har biri 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Ashyoviy dalil sifatida olingan barcha dori vositalari esa tegishli tartibda yo‘q qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter