Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hojatxona uchun 1 gektar yer!» — Bosh prokuratura noqonuniy qarorlarni aniqladi

«Hojatxona uchun 1 gektar yer!» — Bosh prokuratura noqonuniy qarorlarni aniqladi

Foto: «Xabar.uz»

Prokuratura organlari tomonidan turizm sohasiga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Ta’kidlanishicha, turizm rivojida zamon talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari (SGSh), ya’ni jamoat hojatxonalari muhim o‘rin egallaydi.

Mamlakatimizda 25 mln.dan ziyod xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun me’yorga asosan o‘rtacha 12,5 mingta SGShga ehtiyoj mavjud.

Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida 2019-2021 yillarda SGShlar qurish uchun yer uchastkalari auksionsiz berilgan.

Ushbu imtiyozdan ayrim «tadbirkorlar» umuman foydalanmagan bo‘lsa, ayrimlari uddaburonlik bilan foydalangan.

O‘rganishlar, ushbu tartibga asosan hokimliklar tomonidan 485 ta yoki har to‘rtta murojaatlardan uchtasiga yer uchastkalari ajratilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Ajratilganlarida esa SGShlar qurilishi, ishga tushirilishi o‘rganilmagan yoki mas’ullar tomonidan bu borada noqonuniy qarorlar qabul qilingan.

Yoki, SGSh uchun ajratilgan 41 ta yer maydonida savdo, maishiy xizmat va ovqatlanish maskanlari qurilib, ularga egalik huquqi noqonuniy rasmiylashtirib berilgan.

Jumladan, Samarqand shahri va Mirobod tumanida 1 tadan, Angren 2 ta, Uchtepa va Parkentda 3 tadan, Olmaliq shahri, Guliston va Oqoltinda 4 tadan, Mirzaobodda 8 ta va Sardobada 11 ta shunday holat aniqlangan.

Shu jumladan, yer uchastkalari o‘lchamiga (80-100 m2) qo‘yilgan talablar ham qo‘pol ravishda buzilgan.

Masalan, hojatxona uchun Mirzaobodda «M.T.» fermer xo‘jaligi va fuqaro S.K.ga 1 gektardan, fuqarolar S.X. va B.J.ga 0,8 gektardan yer maydoni ajratib berilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan kadastr va qurilish bo‘limlari mas’ullariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring