Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIBBdan o‘ligi chiqqan shaxs bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

IIBBdan o‘ligi chiqqan shaxs bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh Boshqarmasidan 33 yoshli shaxsning o‘ligi chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan poytaxt IIBB ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 29 iyul kuni soat 22.00larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi «Birodarlar qabristoni» hiyoboni oldida 7-8 nafar shaxslardan iborat bo‘lgan jinoiy guruh 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro M.R.ni urib-do‘pposlab, so‘ng avtoulovga majburlab o‘tkazib, noma’lum xonadonga olib borib, jabrlanuvchini erkiga zid ravishda ushlab turib, unga nisbatan kuch ishlatgan holda pul talab qilganlar. Shuningdek, jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazgan holda, Turkiya davlatida bo‘lgan noma’lum shaxslardan go‘yoki 860 ming AQSh dollari miqdorda qarz olganligi haqida majburlab tilxat yozdirib olishgan.

Shuningdek tergov jarayonida aniqlanishicha, joriy yilning iyun oyida ushbu jinoiy guruh a’zolari tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro M.R.ni Turkiya davlatida bo‘lgan davrda 2 kun davomida erkiga zid ravishda noma’lum xonadonda majburlab ushlab turib, jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazish yo‘li bilan ota-onasi nomidagi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 300 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan 2 ta hovlini jinoiy guruh a’zolari nomiga rasmiylashtirishga erishganlar. Jabrlanuvchi shaxs ushbu jinoiy guruhning tajovuzlari va tazyiqlaridan qo‘rqib, mazkur holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki tibbiyot muassasalarga murojaat qilmay kelgan, biroq joriy yilning 31 iyul kuni sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli, shifoxonaga «Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng yanoq suyagi sinishi, tanasida ko‘plab shilingan jarohatlari» tashxisi bilan yotqizilgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligida o‘tkazilgan bir qator tezkor tadbirlar natijasida, mazkur uyushgan jinoiy guruh a’zolaridan 2 nafari, ya’ni 1990 yilda tug‘ilgan U.D. (muqaddam JKning 164-moddasi («Bosqinchilik») va 166-moddasi («Talonchilik») bilan sudlangan) hamda 1991 yilda tug‘ilgan F.X. (muqaddam JKning 168-moddasi («Firibgarlik») va 176-moddasi («Qalbaki pul yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish») bilan sudlangan)lar aniqlanib, qo‘lga olinganlar. Jinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash va ushlash choralari ko‘rilmoqda.

Joriy yilning 12 avgust kuni gumonlanuvchi U.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 224-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida u o‘zini yomon his qilayotganligini aytib, to‘satdan yiqilib hushini yo‘qotgan. Holat bo‘yicha tez-tibbiy yordam chaqirtirilib, IIO xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, biroq tez-tibbiy yordam kelgunga qadar U.D. hushiga kelmay vafot etgan. Birlamchi tashxisga ko‘ra gumonlanuvchining o‘limi «Jigar sirrozi og‘ir stadiyasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi» oqibatida yuzaga kelgan.

Mazkur holat yuzasidan hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda, U.D.ning o‘lim sababini aniqlash bo‘yicha tegishli sudga oid tibbiy-ekspertiza tayinlangan, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring