Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi

Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda joylarda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida qonunbuzilishi holatlari aniqlandi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi mahallalardan biridagi hokim yordamchisi 33 nafar fuqaroga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tavsiyanomalar rasmiylashtirib, ular nomiga bankdan jami 1 mlrd. 88 mln. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilishiga muvaffaq bo‘lgan.

So‘ngra o‘zining tanishi bo‘lgan fuqaro nomiga mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkilib qilib, amalda uni norasmiy tarzda boshqarib, 1 mlrd. 88 mln. so‘mni go‘yoki turli xil mahsulotlar xarid qilish uchun mazkur MChJ hisob raqamiga o‘tkazgan va naqdlashtirish orqali talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, hokim yordamchisi o‘zining turmush o‘rtog‘i va singlisi nomiga olingan jami 65,9 mln. so‘m kredit mablag‘larini ham maqsadsiz sarflab yuborgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa G‘ijduvon tumanidagi mahallalardan biridagi hokim yordamchisi 26 nafar fuqaroga yirik va mayda shoxli chorva mollari sotib olishlari uchun imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tavsiyanomlar rasmiylashtirib, ular nomiga bankdan jami 821 mln. 858 ming so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilishiga erishgan.

So‘ngra mazkur fuqarolarni aldab, kredit mablag‘lari evaziga ta’minotchi korxonlardan 26 kishi uchun ajratilgan chorva mollarini soxta hujjatlar asosida qabul qilib, ularni boshqa shaxslarga sotib yuborish orqali 821 mln. 858 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ni talon-toroj qilgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddalari (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring