Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kattaqo‘rg‘onda issiqxonaga yetkazilgan zarar uchun elektr korxonasi sudga berildi

Kattaqo‘rg‘onda issiqxonaga yetkazilgan zarar uchun elektr korxonasi sudga berildi

Kattaqo‘rg‘onda elektrsiz qolgan issiqxona bir kechada 35 ming dollar zarar ko‘rgani haqida tarqalgan xabarlar o‘rganib chiqilganda mazkur holat haqiqatdan ham ushbu tumanda sodir bo‘lgani aniqlangan.

Jumladan, «Kattaqo‘rg‘on Valijon parranda» MChJ raisi M.Ulug‘murodov 2020-yil 18-noyabrdan 19-noyabrga o‘tar kechasi tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 6 soat mobaynida elektr energiyasi uzib qo‘yilishi oqibatida 1 gektar maydondagi issiqxonada ekilgan pomidor muzlab qolishi oqibatida 231 million so‘m zarar ko‘rganini bayon etib, Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasiga murojaat qilgan.

Tumandagi «Murodulla bobo» fermer xo‘jaligi rahbari F.Nasrullayev esa issiqxonasidagi 1 gektar maydondagi pomidor va 1 gektar yerdagi bodring ko‘chatlari va hosilining muzlab qolishi oqibatida 823 million so‘m moddiy zarar ko‘rgan.

Vaholanki, fermer xo‘jaliklari va elektr tarmoqlari korxonalari o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, ta’minotchi iste’molchiga elektr energiyasini yetarli miqdorda va uzluksiz yetkazib berishi lozim.

Shartnoma shartlari buzilganligi va majburiyat bajarilmagani sababli Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi joriy yilning 23-noyabr sanasida mazkur holatlar yuzasidan «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatidan fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan 1 milliard 54 million so‘m moddiy zararni undirish yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi.

Tadbirkorlar manfaatini himoya qilish va ularga yetkazilgan zarar undirilishi shaxsan viloyat prokurori nazoratiga olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring