Lex.uz saytining yangi versiyasida «aqlli» izlash funksiyasi ishga tushdi

Inson borki hayoti davomida hech bo‘lmasa bir marta kimdandir pul qarz oladi yoki kimgadir qarz beradi. Pul oldi-berdisida ham xoh qonuniy bo‘lsin, goh shar’iy o‘ziga xos talablaru qonunlar mavjud. Ammo, bizda bu narsaga doim ham ahamiyat berilavermaydi, buyog‘i o‘zbekchilik. Shundanmi, kimgadir – do‘stiga, qo‘shnisiga, hatto yaqin qarindoshiga bergan pulini qaytib ololmayotgan, pul berganini isbotlay olmay sarson bo‘layotganlar ko‘plab topiladi... Nihoyat, bu masalaning juda oson huquqiy yechimi topildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi tomonidan muhim loyiha – o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish Legal Tech elektron axborot tizimi ishlab chiqildi. Ushbu tizim ustida ishlashda Buyuk Britaniya, Kanada, Italiya, Germaniya, Avstriyada va Rossiya kabi rivojlangan mamlakatlarning bu boradagi ijobiy tajribasi o‘rganilib, mazkur sohadagi faoliyat yuritib kelayotgan saytlar tahlil qilindi. Bu elektron tizim yuristlar yoki advokatlar ishtirokisiz huquqiy hujjatlarni, xususan, yuridik shaxslar faoliyatida foydalaniladigan korporativ hujjatlar namunalarini, jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan shartnomalar (masalan, pul oldi-berdisiga taalluqli), arizalar, iltimosnomalar, bitimlar kabi boshqa huquqiy hujjatlar namunalarini avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda tayyorlash imkoniyatini beradi.
Tizimning ishga tushirilishi nafaqat foydalanuvchilarga, balki davlat organlariga ham katta qulaylik yaratadi. Endilikda huquqiy hujjatlar tuzishda ortiqcha vaqt va resurs sarflanishining oldi olinishi, internetdan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan har bir shaxs hujjatni tizim orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirib olishi mumkin va bu xizmatlar mutlaqo bepul.
Bu haqida bugun Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Shuningdek, anjumanda markaz tomonidan amalga oshirilgan muhim loyihalar haqida jurnalistlarga ma’lumot berilishi bilan birga, Lex.uz saytining yangi versiyasi taqdimoti ham o‘tkazildi.
Undagi yangi funksiyalar, xususan, «aqlli» izlash funksiyasi, so‘z o‘zagi, qisqartmalar, xato so‘zlar, sinonimlar bo‘yicha izlash algoritmi yaratilganligi, izoh qoldirish imkoniyati, imloviy xato haqida xabar berish yoki foydalanuvchi fikr-mulohazalarini bildirish imkoniyati mavjudligi, mobil telefon orqali foydalanish qulaylashganligi, Android va iOS amaliy tizimlari uchun yangi versiya ishlab chiqilganligi, Lex.uz va boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasi yo‘lga qo‘yilganligi yangilik sifatida e’tirof etildi. Shu bilan birga, milliy bazada ro‘yxatdan o‘tish joriy etilganligi, hujjatlar kutubxonasi yaratilganligi, normativ-huquqiy hamda operativ, tashkiliy va boshqa xususiyatga ega hujjatlarni alohida joylashtirish mexanizmi ishlab chiqilganligi alohida qayd etildi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda Lex.uzga 30 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar joylashtirilgan. Lex.uz doimiy kiruvchilari soni bir kunda 55-60 ming nafarni tashkil etadi. Ko‘rishlar soni 240-250 mingta (bir oyda o‘rta hisobda 5,3 mln.ta)ga yetdi. Lex.uzdan bir oyda 1,5 mln. odam foydalanmoqda.
Milliy baza sayti foydalanuvchilari haqidagi raqamlarni dunyo bo‘yicha solishtirganda unchalik ham katta raqam ko‘rinmasa-da, www.lex.uz www.uz reytingida barcha toifalar bo‘yicha 13-o‘rinda, ma’lumot beruvchi saytlar ro‘yxatida 3-o‘rinda, qonun va huquq yo‘nalishida 1-o‘rinda saralangan. Saytning doimiy kiruvchilar soni bir kunda taxminan 71-72 mingtani, ko‘rishlar soni esa 208-221 mingta (o‘rtacha hisobda oyiga 5,2 mln.)ni tashkil etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda barcha sohalarda AKT imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalangan holda turli yugur-yugurlaru qog‘ozbozliklarni kamaytirish bosh maqsadga aylangan. Adliya vazirligining «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi mutaxassislari ham bu borada tinimsiz izlanishda.
Tadbir so‘ngida huquqiy axborotni tarqatish sohasida faollik ko‘rsatgan jurnalist va blogerlar taqdirlandi.
Usmonjon Yo‘ldoshev,
«Xabar» muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter