Mol-mulkka taqiq qo‘yilganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi
Hukumatning joriy yil 22-avgustdagi tegishli qarori bilan Boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab yoki xatlab qo‘yilgan mol-mulklar elektron ma’lumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, 2022-yil 1-oktyabrdan «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab (xatlab) qo‘yilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qo‘yish bekor qilinganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi.
Ma’lumotlarni elektron ma’lumotlar bankiga kiritishda:
- jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid ma’lumotlar – Ichki ishlar vazirligi;
- yuridik shaxsga oid ma’lumotlar – Adliya vazirligi;
- ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar – Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
- qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga oid ma’lumotlar – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
- attraksionlar va ko‘tarish inshootlari (minora kranlari)ga oid ma’lumotlar – Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi;
- kemalarga oid ma’lumotlar – Transport vazirligi;
- kichik hajmli kemalarga oid ma’lumotlar – Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
Elektron ma’lumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi.
Notarius elektron ma’lumotlar banki orqali mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlab qo‘yishi va taqiqni bekor qilishi mumkin.
Mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlab yoki xatlab qo‘yish, shuningdek, uni bekor qilishda to‘lov undirilmaydi.
Murojaatga asosan elektron ma’lumotlar bankida mavjud ma’lumotlar notarius va (yoki) notarial arxiv mudiri tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali yoxud E-notarius.uz axborot portali orqali taqdim etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter