Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Musaffo osmon» effekti: taniqli hajvchilar nega uzr so‘rashdi?

«Musaffo osmon» effekti: taniqli hajvchilar nega uzr so‘rashdi?

Foto: Videolavhadan skrinshot

Bugun O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati tomonidan rasmiy kanalda «Hazilning tagi «zil» bo‘lmasin», «Mashaqqatli mehnatni mantiqsiz hazilga yo‘ymang» sarlavhali videomateriallar joylashtirildi.

Videolavhalarda TVdagi chiqishlari bilan tanilib ulgurgan «Sho‘rdanak» va «Qalpoq» hajviy ko‘rsatuvlari ijodkorlari YPX xodimlarini hajv qilishgani uchun «so‘roq» qilinishgan va ular «xatoga yo‘l qo‘yishgani»ni bildirishib, uzr so‘rashgan.

Ushbu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va blogerlar muhokamasiga sabab bo‘ldi. Bu holatni ular ijod erkinligining bo‘g‘ilishi, senzuraning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilishmoqda.

IIV aktyorlardan uzr so‘ratibdi

Biz qachon masalalar zamonaviy va qonuniy yo‘l bilan, ya’ni sud orqali hal qilinadigan davrga kelamiz? Qachongacha muammolar uzr so‘ratish, sazoyi qilish kabi qoloq, shubhali, samarasiz va insonni kamsituvchi usullar bilan hal qilinadi?deb yozadi Bloger Shahnoza.

Birma-bir uzr so‘rasammikan...

Jurnalist Abror Zohidov bu holatga shunday munosabat bildirdi:

«Men ham ko‘p tizimlarni tanqid qilgandim jurnalist sifatida. Vazirliklariga birma-bir kirib uzr so‘rasammikan yoki bitta umumiy yetarmikan?».

Qayergacha boramiz?

«Sho‘rdanak» ham uzr so‘rabdi. Biror mavzuga aralashish mumkin emas, shekilli. Ijod erkinligi qayerda qoldi?! U mumkinmas, bu mumkinmas bilan qayergacha boramiz?qayd etgan jurnalist Fazliddin Sattorov.

Ijod erkinligining bug‘ilishi

Bugun tarmoqda IIV tomonidan tayyorlangan video tarqala boshladi. Unda Sho‘rdanak hajviy guruhi a’zolari IIO xodimlari haqida tayyorlagan yumoristik roliklari sabab o‘tinib kechirim so‘rashgan.

Men yagona tushunmagan narsam — endi ijod uchun ham uzr so‘rash kerakmi? Mutaassiblik emasmi bu? Hazilni shunchaki qabul qilishni qachon o‘rganamiz? Nima GAI xodimlarining hammasi avliyomi? Ular hech ham pora olishmaganmi?

Unda yozuvchi Tohir Malik «Shaytanat» uchun organ xodimlaridan, G‘afur G‘ulom «Shum bola»dagi mullalar epizodi uchun diniy ulamolardan, Abdulla Oripov esa ayrim she’rlari uchun bir nechta qatlam vakillari va mansabdorlardan kechirim so‘rashi kerakmidi? Ijodku bu. Nima bo‘lyapti bizlarga. Nega bunday yashin tezligida g‘or asri tomon ketyapmiz? Baraka topgurlar, axir bu shunchaki yumorku. Oddiy yumor. Kuldirishdan boshqa maqsad ko‘zlamaydigan ijod turi.

Bu shunchaki ijod erkinligi bug‘ish va senzuralashdir. Videodagi «krokodil ko‘z yoshlari» uslubidagi uzrlar esa uning majburiyligidan dalolat. Sal bag‘rikengroq bo‘laylik. Yumorni bunday og‘riqli qabul qilish noto‘g‘ri do‘stlar. Yo‘qsa, GAI xodimlari haqidagi minglab xalq latifalarini ham taqiqlaylik. Ularni aytgan odamlarni qamaylik.

Aytgancha, qog‘ozga o‘ramay, hajv qilmay, ijod doirasida emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri IIO xodimlarini haqorat qilgan va hatto sudga ham bormagan Yulduz Usmonova salom etvordila, — deb yozadi bloger Nozim Safari.

Rostmana odam bo‘lish baribir qiyin ekan...

O‘zbekiston Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) «Qalpoq»chilarga uzr so‘rattirib, juda xunuk, mutlaqo mantiqsiz ish qilibdi. YHXBB tizimida umrida pora olmagan halol xodimlar bo‘lishi ham mumkin, bo‘lganda ham ular juda ko‘pchilikni tashkil etishi mumkin, ehtimol bodi-kameralar ishga tushgach Toshkentda pora oladigan «komandir»lar qolmagandir ham, lekin bu pora oladigan, tamagirlik qiladigan YPX xodimi umuman yo‘q, degani emas. Buni, menimcha, hamma biladi (lekin YHXBBdagi qaysidir vallomat bilmaydi, deb o‘ylayapman endi).

«Qalpoq» ijodkorlarini uzr so‘rashga majbur qilish g‘oyasi YHXBBning qaysi bir o‘ta halol rahbaridan chiqqani noma’lum, lekin uning betakror mantig‘i bo‘yicha endi «Million» kulgu jamoasi a’zolari ham uzr so‘rashi kerak, o‘sha rahbarning mutlaqo tushunarsiz mantig‘i bo‘yicha endi rahmatli Obid Asomovdan ham uzr so‘rattirish kerak — lavhada aytilayotgan «25-kadr» aynan «Million»u Obidning sahna ko‘rinishlarida kuchliroq aks etgan axir. Eng yomoni shuki, YHXBB tizimida shu topshiriqqa qarshi chiqadigan, hech bo‘lmasa: «GAI paydo bo‘lganidan beri, million yildan beri ko‘rsatiladigan yumor-ku bu», deydigan odam topilmagani. Eng ayanchli odam — yumorni tushunmaydigan, o‘rni kelsa o‘zining ustidan kula olmaydigan odam. U yuksak darajada halol bo‘lishi mumkin, lekin baribir ayanchli u.

«Qalpoq» ijodkorlarini uzr so‘rashga majbur qilganlar, menimcha, «Taksi» filmidagi telbanamo komissar Jiber, «Pushtirang pantera»dagi inspektor Kluzo, «Politsiya akademiyasi» seriali qahramonlari ishtirokidagi lavhalarni ko‘rganda ham kulmasa kerak. O‘shanda ham «huquq-tartibot posboni ustidan bunday kulish, 25-kadr qilish maqsadga muvofiq emas», deb o‘tirsa kerak. Urib turadigan yuragi, tanasida aylanadigan qoni bor robot bo‘lish oson, lekin rostmana odam bo‘lish baribir qiyin ekan, — xulosaga keladi bloger Muhrim.

«Musaffo osmon» effekti

Ijodkorlarning hajviy ko‘rsatuvi uchun uzr so‘rattirayotganlarga bugun qarshilik qilmasak, ular ertaga salbiy qahramonlar aks etgan badiiy asarlarga o‘t qo‘yishni boshlashadi.

Bunday dunyoqarashi tor insonlar uchun hammayoqda ularni maqtashlari kerak, hammayoqda faqat yaxshiliklar gapirilishi shart, illatlar va kamchiliklar mutlaqo aytilmasligi kerak. Xuddiki hech kim ularni tanqid qilmasa, tizim o‘z-o‘zidan tozalanib, yaxshilanib qoladigandek.

Yaxshiyam Abdulla Qahhor, G‘ofur G‘ulom va Said Ahmadlar bugungi kunda ijod qilmayapti. Yo‘qsa turli sohalardagi illatlar hajv qilingan satirik asarlari uchun butun umri uzr so‘rash bilan o‘tib ketar edi.

Aytgancha, Hojiboy Tojiboyevning oilasini ham qidirib boringlar, marhum qiziqchimizning qilgan hazillari uchun farzandlaridan uzr so‘rattirarsizlar balki, agar shu bilan ko‘nglinglar joyiga tushsa.

He, o‘rgildim...

P.S.: ayrimlarning ochiq haqorati uchun jazolash qo‘lidan kelmaganlar, bugun alamini boshqa ijodkorlardan olyaptimi, nima balo. Eng alam qiladigani bunaqa ahmoqona ishlarning ortidan sohadagi jonkuyar, fidoyi minglab xodimlar ham birdek aziyat chekadi, ularning ham yuzi shuvut bo‘ladi,deb yozmoqda Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring