Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nukusda milliy gvardiya xodimining to‘pponchasini olib qo‘ygan shaxs sudda kechirim so‘radi

Nukusda milliy gvardiya xodimining to‘pponchasini olib qo‘ygan shaxs sudda kechirim so‘radi

Nukusda milliy gvardiya xodimining «Makarov» to‘pponchasini olib qo‘ygan shaxs sudda kechirim so‘radi. U hibsga olungunga qadar Qoraqalpog‘iston davlat universiteti o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan

Buxoroda sudlanayotgan 22 nafar sudlanuvchining biri bo‘lgan Razbek Bekmuratov 2-iyul kuni Nukus shahri «Naupir» MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan jarohati yetkazib, «Makarov» markali to‘pponchasini olib qo‘ygan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi binosida bo‘lib o‘tayotgan ochiq sud majlisida 1-dekabr kuni tushdan keyin Razbek Bekmuratov Nukusda tartibsizliklar ro‘y bergan kunlari bo‘lib o‘tgan voqealarni so‘zlab berdi.

Sud, prokuror va advokatlarning savollariga javob qaytarar ekan, jumladan, u ijtimoiy tarmoqlardagi videolarni ko‘rib, ta’sirlanib ko‘chaga noqonuniy namoyishga chiqqani, 5-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi oldida katta miting bo‘lishi haqidagi xabarlardan ko‘proq ta’sirlangani va qo‘llab-quvvatlaganini aytdi.

Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilingani, jumladan, ulardan birining kiyimi majburlab yechtirilayotganda to‘pponchasi yerga tushib ketganini ko‘rib, o‘qotar qurolni egallab olganini tan oldi.

Hibsga olingunga qadar Qoraqalpog‘iston davlat universiteti o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan 30 yoshli Razbek Bekmuratov avvalgi sud majlisida aybiga qisman iqror ekanini bildirgan edi.

Bugungi bo‘lib o‘tgan sud majlisida u ko‘zda yosh bilan qilgan ishidan pushaymon ekanini so‘zlab, prezidentdan, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlaridan kechirim so‘radi. Suddan jazo tayinlashda qaramog‘ida voyaga yetmagan yosh bolalari borligini inobatga olishni iltimos qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring