Odam o‘g‘irlagan jinoiy guruh ushlandi
Bosqinchilik va odam o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi.
1988 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan shaxs 2001 yilda tug‘ilgan fuqaroni noqonuniy yo‘llar bilan AQShga yuborishni va’da qilib, undan 36 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni oladi.
Biroq Meksika orqali AQShga o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro chegara xizmati tomonidan qo‘lga olinib O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi.
Shundan so‘ng u sarflangan pullarini qaytarishni talab qilib, 18 ming AQSh dollarini oladi.
«Uddaburon tadbirkor» mijozining bu harakatlaridan keyin unga nisbatan adovati uyg‘onib, Toshkent shahrida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, Meksikadan qaytgan fuqaroni o‘g‘irlab, undan pul talab qilishni rejalashtiradi.
Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Yuqorichirchiq tumanidagi dalahovliga o‘g‘irlab kelingan shaxs topildi va buyurtmani bajarish uchun talab qilingan pullarni qabul qilib olgan jinoiy guruh a’zolari ushlandi.
Ulardan maxsus ishlov berilgan pullar va qo‘rqitish uchun saqlab kelingan metalldan yasalgan soxta pistolet ashyoviy dalil sifatida olindi. Holat yuzasidan JKning 164-moddasi 2-qismi «b» bandi (Bosqinchilik) va 137-moddasi 2-qismi «b» bandi (Odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda IIV Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik Vatanga qaytarilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter