Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘g‘lining o‘limidan so‘ng Bosh prokuratura bilan sudlashayotgan ota ham vafot etdi. Endi to‘rt nafar murg‘ak bolaning taqdiri nima bo‘ladi?

O‘g‘lining o‘limidan so‘ng Bosh prokuratura bilan sudlashayotgan ota ham vafot etdi. Endi to‘rt nafar murg‘ak bolaning taqdiri nima bo‘ladi?

O‘tgan yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Marhumning otasi A’zamjon Rahmonov o‘g‘li xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ish joyida vafot etganligi, to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlari boquvchisiz qolsa-da, uning oilasiga qonunga asosan kafolatlangan nafaqa pullari to‘lab berilmayotgani uchun Bosh prokuraturani sudga bergandi. 

Islom huquqi bo‘yicha ustoz yuristlardan bo‘lgan A’zamjon Rahmonov o‘g‘lining ish joyida vafot etganligi sababli, Samirning 4 nafar voyaga yetmagan farzandlari va beva qolgan turmush o‘rtog‘i uchun Bosh prokuraturadan tovon puli undirishga harakat qilayotgandi.

Dastlabki da’vo arizasi FIB Mirobod tumanlararo sudi tomonidan qanoatlantirishdan rad etilganidan so‘ng, marhumning otasi qonun ijrosi ta’minlanishi umidida qaror ustidan Toshkent shahar sudiga apellyasiya shikoyati kiritadi. 

Apellyasiya sudi FIB Mirbod tumanlararo sudining qarorini noqonuniy deb topib, uni bekor qilgan va yana qaytadan ko‘rish uchun ishni Mirobod sudiga yuborgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni ish qayta ko‘rilayotgan bir vaqtda A’zamjon Rahmonov ham vafot etgan.

«Nima uchun bu voqeani eslayapmiz. Gap shundaki, bu sud ishini ko‘rish davomida Toshkent shahar sudi apellyasiya sudlov hay’ati Samirbekning vafoti yuzasidan Bosh prokuratura foydasiga xulosa bergan mutaxassislar qonunchilikni buzgan degan fikrga kelgan. Mana shu vajlar ham qaysidir ma’noda Samirbekni mehnat faoliyati bilan bog‘liq sabab tufayli vafot etganligini tasdiqlashi mumkin.

Shu sababli, Bosh prokuratura marhumning yaqinlariga to‘lovlarni, xususan, Mehnat kodeksining 194-moddasiga asosan 6 yillik o‘rtacha ish haqi miqdoridagi nafaqa to‘lovlari to‘lab bersa yaxshi bo‘lardi.

Hozir Samirbekdan qolgan farzandlarning taqdiri uchun sudma-sud yurgan, ularning asosiy himoyachisi A’zamjon aka ham olamdan o‘tdi. Vaziyat qay darajada achinarli ekanligi hammaga ma’lum», deb yozmoqda yurist Saidali Muxtoraliyev.

Muallif Bosh prokuraturada rahbarlik lavozimlarida tajribali, oqil va ko‘pchilikka ustoz bo‘lgan insonlar faoliyat yuritib kelishini e’tirof etarkan, ularni muammoni marhum Samirbekning yaqinlari, xususan uning turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishuv asosida, sudsiz hal qilishga chaqirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring