Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashni kuchaytiradi

O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashni kuchaytiradi

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi to‘g‘risidagi Bitimga hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi budjetini shakllantirish va ijro etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomani (Toshkent, 2022 yil 1 iyun) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Bo‘lib o‘tgan muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasida jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Biroq amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi ko‘p jihatdan bu boradagi xalqaro sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirishga bog‘liq. Shu bois O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga katta ahamiyat bermoqda.

Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi bugungi kunda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish va moliyaviy jarayonlarning shaffofligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar va standartlarni ishlab chiqish sohasidagi yetakchi tashkilotlardan biri ekani qayd etildi.

Senatorlar ko‘rib chiqilgan hujjat Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi faoliyatini yanada rivojlantirishni, shuningdek, asosiy vazifalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni nazarda tutishini ta’kidladilar.

Ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish Yevrosiyo guruhi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Qonun bilan Yevrosiyo guruhi raisi lavozimiga qo‘shimcha talablar belgilash va uning kotibiyati vakolatlarini aniqlashtirish nazarda tutilmoqda. Yevrosiyo guruhi budjetining talablari va shartlariga, ya’ni a’zo davlatlarning ulushiga, xarajatlarni taqsimlash va boshqa moliyaviy masalalarga aniqlik kiritilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, Qonunning qabul qilinishi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishga, terrorizmga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishga xizmat qiladi.

Qonun Senat tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring