O‘zbekiston va Yaponiya adliya vazirliklari hamkorlik memorandumini imzoladi

13-mart kuni Tokio shahrida O‘zbekiston adliya vazirining birinchi o‘rinbosari M. Istamov va Yaponiya adliya vazirining parlament o‘rinbosari X. Kadoyama O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Yaponiya Adliya vazirligi o‘rtasida huquq va adliya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Mazkur hujjat xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va me’yorlariga muvofiq ikki mamlakat idoralari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.
Memorandum doirasida hamkorlikdagi tadbirlar, tadqiqotlar o‘tkazish, o‘zaro aloqa yo‘nalishlari o‘rganilishini ta’minlash va tajriba almashish ko‘zda tutilgan.

Shu kuni delegatsiya a’zolarining Parlament Vakillar palatasi (quyi palata) deputati, Yaponiya sobiq adliya vaziri Y. Kamikava bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
12-mart kuni M. Istamov Parlament Maslahatchilar palatasi (yuqori palata) a’zosi, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi K. Nakayama bilan uchrashdi.
Eslatib o‘tamiz, 11-mart kuni mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasining hamyurtlarimiz bilan uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – respublikada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berish, ular bilan muntazam va ochiq muloqot o‘rnatishdan iborat edi. O‘zbekiston ularga ko‘mak ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani bildirildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter