Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 8200 kishiga bitta advokat to‘g‘ri keladi. Boshqalarda qanday?

O‘zbekistonda 8200 kishiga bitta advokat to‘g‘ri keladi. Boshqalarda qanday?

O‘zbekistonda 3946 nafar advokat ro‘yxatga olingan. Ya’ni, o‘rta hisobda 8200 nafar aholiga bitta advokat to‘g‘ri keladi. «Bu halokatli darajada kam», – deydi O‘zbekiston Advokatlar palata rahbari Alim Ernazarov BMT maxsus ma’ruzaschisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda. – «Eng achinarlisi, so‘nggi 8-10 yilda advokatlar sonida normal potensial o‘sish kuzatilmagan».

Xo‘sh, boshqa mamlakatlarning analogik ko‘rsatkichlari qanday?

A.Ernazarov davom etadi: ...yaqinda Palata tomonidan dunyoning 41 davlatidagi advokatlar sonining umumiy nufusga nisbati tahlil qilingan. Aniqlanishicha, aholining advokatlar bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha biz nafaqat ilg‘or G‘arb davlatlari, hatto postsovet makondagi qo‘shnilarimizdan ham ancha ortda qolganmiz.

Qiyoslaymiz: jahonda eng yuqori ko‘rsatkich Isroilga tegishli – 136 kishiga bitta advokat. Shuningdek, yaqin davlatlardan: Turkiyada 665/1, Estoniyada 1300/1, Ukrainada 1200/1, Gruziyada 700/1, Qozog‘istonda 3932/1.

Bu hali faqat son masalasi. Har bir fuqaroning malakali yuridik yordam olish imkoniyatlari alohida muhokamaga arziydi.

Mazkur muammo kompleks yechim talab qiladi, ammo hali-hanuz ob’yektiv va sub’yektiv sabablarga ko‘ra bu borada aniq to‘xtamga kelinmagan. Holbuki, agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, vaziyat yil sayin og‘irlashib boraveradi. Advokatlar va aholi soni nisbatini bir qadar maqbulroq miqdorga keltirish esa uzoq vaqt talab etadigan jarayondir.

O‘zbekiston OO‘Yulari bir yilda taxminan 650 nafar huquqshunos tayyorlar ekan. Agar advokatura foydasiga moratoriy e’lon qilib, hamma bitiruvchilar advokatlikka yo‘llangan taqdirda ham 5 yil davomida atigi 3500 nafar yangi advokat qo‘shiladi.

Bu bir ilojsiz chora, albatta. Voqelik shundayki, alaloqibat barmoq bilan sanoqli bitiruvchilargina advokaturani tanlaydi. Yaqin-yaqinlargacha yuridik OO‘Yularini tugatganlarning aksari prokuratura va sud idoralarida ishlashga ishtiyoqmand edi. Hozirda ularning havaslari bir qadar o‘zgargan, biroq advokaturaning bugungi ahvoli hanuz yosh mutaxassislarning ambitsiyalariga mos emas, taassufki...  

O‘zbekistonning advokatlar «armiyasi» kamsonli bo‘lgani yetmaganidek, tobora «qarib borayotir»:  4 ming nafarga yetar-yetmas advokatdan 30 va undan kichik yoshdagilar salmog‘i atigi 70 kishini tashkil qiladi!..

«Jamiyatimizda advokatning obro‘yi o‘zi hamin qadar. Qolaversa, shu kasb egasi bo‘lishni orzusida yuridik bilim olgan yoshlar advokatlik faoliyatini boshlashda ma’muriy cheklovlarga duch keladi. Masalan, qonunchiligimizga ko‘ra, advokat litsenziyasini olish shartlaridan biri – huquqiy sohada 2 yillik ish stajiga egalik. Shu kabi to‘siqlar advokat bo‘lish istagidagi kamyob yoshlarning oyog‘iga tushov bo‘layotir», – deya afus bilan qayd etdi Advokatlar palatasi raisi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring