Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Po‘lat Bobojonov qotillik jinoyatlariga oid og‘riqli faktni keltirdi

Po‘lat Bobojonov qotillik jinoyatlariga oid og‘riqli faktni keltirdi

Foto: Senat axborot xizmati

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov qotillik jinoyatlarining har uchinchisi oilaviy muammolar tufayli sodir etilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 19 mart kuni, Senatning yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi doirasida 2021-yil yakuni bo‘yicha axborotida aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, 2021-yilda sodir etilgan jinoyatlar umumiy soni 84 100 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o‘rtacha 321,4 tadan to‘g‘ri kelgan.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2021-yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi yoki 158 tasi (37,1 foizi), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi (14,4 foizi) oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 14 935 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning qariyb 60 foizi (8 589 tasi) Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi. 

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi tufayli 2021-yilda 9 759 nafar xotin-qiz tomonidan 9 053 ta jinoyat sodir etilgan.

Oila-turmush munosabatlari doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 39 343 nafariga himoya orderi berilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring