Profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytirilmoqda

Senat yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Qonun fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish hamda ayrim toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llaniladigan jarima miqdorlarini ko‘rib chiqishga qaratilgan.
Hujjat bilan profilaktika (katta) inspektorlari fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirish, ularga biriktirilgan hududda jinoyatlar sonini kamaytirish, ularning oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishi uchun vakolatlari kengaytirilmoqda.
Hujjat «Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha yarashuv instituti»ni joriy etish orqali ma’muriy ish ishtirokchilarining yarashtirilganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish bo‘yicha yangi normalar bilan to‘ldirilmoqda.
Ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati alternativ organ sifatida profilaktika (katta) inspektorlariga berilishi natijasida huquqbuzarlik sodir etilgan joydan uzoq masofada joylashgan boshqa vakolatli organlar yoki sudlarga borishini istisno etgan holda fuqarolarning ortiqcha xarajat qilishi va sarson bo‘lishining oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun tez ta’sirchan choralar ko‘rilishi natijasida fuqarolarga qo‘shimcha ovoragarchilik va noqulayliklar tug‘ilishi hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarga qonunga hurmat va qonun buzilishining har qanday ko‘rinishiga murosasizlik munosabatini singdirishga erishiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter