Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuratura va qonun ustuvorligi: ommaviy huquqiy munosabatlar ustidan nazorat qanday amalga oshiriladi?

Prokuratura va qonun ustuvorligi: ommaviy huquqiy munosabatlar ustidan nazorat qanday amalga oshiriladi?

Bugungi kunda O‘zbekistonda huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu jarayonda prokuratura organlari muhim o‘rin tutadi. Ular qonunlar qanday amalga oshirilayotganini, davlat organlari va mansabdor shaxslar o‘z vakolatlarini qanday bajarayotganini doimiy ravishda nazorat qiladi.

Ilmiy adabiyotlarda ommaviy huquq normalari bilan tartibga solingan ijtimoiy munosabatlar “ommaviy huquqiy munosabat”lar deya ta’riflanadi. Shuningdek, ommaviy-huquqiy munosabat qatnashchilarining biri tomonidan ikkinchisiga nisbatan o‘z vakolatlarini amalga oshirishi natijasida vujudga kelishi ta’kidlanadi.

Bir so‘z bilan aytgganda, ommaviy huquqiy munosabatlar – bu davlat va jamiyatning manfaatlariga daxldor bo‘lgan, davlat organlari, mansabdor shaxslar hamda yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar bo‘lib hisoblanadi. Bu munosabatlar, asosan, ma’muriy, moliyaviy, ekologik, protsessual va jinoyat huquqi sohalarida yuzaga keladi.

Ommaviy huquqiy munosabatlarning asosiy xususiyati unda ishtirok etuvchi tomonlarning biri, albatta, davlat hokimiyati sub’yekti hisoblanishidan iborat. Shu bilan birga, ommaviy huquqiy munosabatlar quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga egaligini qayd etish joiz:

birinchidan, sub’yektlar o‘z huquqiy maqomida teng emasligi;

ikkinchidan, ommaviy-huquqiy munosabatga kirishishda hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan sub’yekt ishtirokining majburiyligi;

uchinchidan, “hokimiyat-bo‘ysinish” formulasiga mos ravishda qurilgan bo‘lib, bir taraf faqat huquqiy majburiyatlarga, ikkinchi taraf sub’yektiv huquqlarga ega bo‘lishi;

to‘rtinchidan, jismoniy shaxsning huquqiy maqomi turli ko‘rinishda uchrashi, xususan, jismoniy shaxs majburiyatlarga ega taraf sifatida, mansabdor shaxs esa hokimiyat boshqaruv vakolatiga ega taraf sifatida ishtirok etishi;

beshinchidan, taraf sifatida jamoaning, ko‘pchilikning fikrini ifoda etadigan sub’yekt sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan jamoat tashkilotlari, birlashmalari ishtirok etishi mumkinligidan iborat.

Hozirgi kunda ommaviy huquqiy munosabatlarda jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, davlat organlari va hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lgan turli sub’yektlar uchraydi. Jumladan, ayrim davlat vazifalari nodavlat tashkilotlariga (fuqarolik jamiyati institutlariga) o‘tkazilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ommaviy huquqiy munosabatlarning bir tomonida ishtirok etuvchi hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan sub’yektlar doirasining kengayishiga olib keladi.

Masalan, qonunchilikka binoan, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlariga mos kelmaydigan hamda fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudga murojaat qilishi mumkin.

Mazkur holatda ma’muriy sudda ommaviy-huquqiy munosabatlarga doir nizo ko‘rib chiqilayotganda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan sub’yekt sifatida namoyon bo‘ladi.

Prokuratura organlari ommaviy huquqiy munosabatlar sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, davlat manfaatlarini himoya qilish va qonun hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 143-moddasida va “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasida prokuraturaning asosiy vazifalari sifatida qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish qayd etilgan.

Prokuror nazorati bu qonunchilik hujjatlarining ijrosini ta’minlash, huquqbuzarliklarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan faoliyatdir. U prokuratura organlarining huquqiy davlat barpo etishdagi asosiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi.

Ommaviy huquqiy munosabatlarga oid qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan prokuror nazoratining mohiyati bu nazariy asos va amaliy ahamiyatning birligida namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunida prokuratura tomonidan amalga oshiriladigan nazorat turlari aniq belgilangan, jumladan:

– qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan umumiy nazorat;

– jinoyatchilikka qarshi kurashni amalga oshiradigan organlar tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan nazorat;

– ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolarni va jinoyat-huquqiy ta’sirning boshqa choralarini ijro etish chog‘ida qonunlarga rioya qilinishi ustidan nazorat;

– sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash va h.k.

Ommaviy huquqiy munosabatlar bo‘yicha prokuror nazoratini tashkil etilishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

– qonunchilik hujjatlariga tayangan holda;

– nazorat ob’yektlarini aniqlash, ya’ni prokuratura organlari davlat organlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mansabdor shaxslar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;

– tekshiruvlarni tashkil etish (murojaatlar, xabar va ma’lumotlar, huquqbuzarlik belgilarining mavjudligi asosida rejali va rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkazish orqali);

– huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash, bunda prokuror taqdimnomasi, protest, qaror, ariza va ogohlantiruv kabi prokuror nazorati hujjatlari orqali qonun buzilishlarini bartaraf etish talab qilinadi.

– tizimli monitoring va tahlil – prokuratura organlari ommaviy huquqiy munosabatlarga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini muntazam tahlil qilib, xulosalar va takliflar tayyorlaydi. Masalan, atrof-muhit muhofazasi, energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish sohasidagi davlat organlari faoliyatini tekshirishda prokuratura nazorati ommaviy huquqiy munosabatlar ustidan nazorat sifatida namoyon bo‘ladi.

Bugungi kun prokuror nazorati amaliyoti nuqtai nazaridan kelib chiqib, ommaviy huquqiy munosabatlarga oid qonunchilik hujjatlari ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish bo‘yicha quyidagi ilmiy asoslangan va amaliy yechimlarga yo‘naltirilgan takliflar ilgari suriladi:

Birinchidan, sohaviy elektron monitoring tizimlarini joriy etish va ularni prokuraturaga integratsiya qilish.

Bunda, ommaviy huquqiy munosabatlarda soliq, atrof-muhit, qurilish, sanoat xavfsizligi, tibbiyot kabi sohalardagi ma’lumotlar real vaqt (real-time) rejimida prokuratura organlari uchun ochiq va monitoringga mos bo‘lishi kerak.

Ushbu taklifning amaliy foydasi shuki, tekshiruvdan oldin aniq statistik asosga ega bo‘lish, korrupsiya holatlarini oldini olish va hujjatbozlikni qisqartirish imkoni yaratiladi.

Ikkinchidan, jamoatchilik va fuqarolar ishtirokini kengaytirish. Nazorat ob’yektlari to‘g‘risida jismoniy va yuridik shaxslardan onlayn murojaatlar yig‘ish tizimi orqali ommaviy nazoratni qo‘llab-quvvatlash lozim. Mazkur taklifning amaliy jihatdan foydasi ommaviy huquqiy munosabatlar shaffofligi ta’minlanishida, fuqarolik jamiyati va davlat o‘rtasidagi muloqot mustahkamlanishida namoyon bo‘ladi.

Uchinchidan, “Qonun ustuvorligi indeksi” (Rule of Law Index) ko‘rsatkichlarini milliy prokuror nazoratida e’tiborga olish. O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi pozitsiyasini yaxshilash uchun prokuratura organlari ushbu ko‘rsatkichlarga bog‘liq islohotlarni nazorat qilishlari taklif etiladi. Ushbu taklif orqali xalqaro e’tirof, investorlar ishonchi, fuqarolarning huquqiy madaniyati oshishiga erishilishi mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, ommaviy huquqiy munosabatlar bu jamiyatning barqarorligi, huquqiy kafolatlar va fuqarolar huquqlari ta’minlanishi uchun asosiy mezon hisoblanadi. Ushbu munosabatlarda prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazorat faoliyati qonun ustuvorligini ta’minlash va davlatning huquqiy siyosatini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. Prokuror nazoratining institutsional asoslarini mustahkamlash va amaliyotda uni takomillashtirish orqali huquqiy davlat sari intilishni ta’minlash mumkin.

Sherzod Zokirov,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring