Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘istonda mehnat qulligida ushlangan o‘zbekistonliklar yuzasidan rasmiy bayonot berildi

Qozog‘istonda mehnat qulligida ushlangan o‘zbekistonliklar yuzasidan rasmiy bayonot berildi

Olmaota va Chimkent shaharlarining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari mahalliy mehnat qulligida ushlab turilgan 60 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosini ozod qilgani haqida xabar berilgandi.

Holat yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 14 oktyabr kuni Chimkent shahridagi g‘isht zavodlarida tezkor tadbirlar o‘tkazilishi natijasida 60 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va yashash ruxsatnomasi yo‘qligi sababli Karatau tumani politsiyasi bo‘limiga olib ketilgan.

Vaziyat mamlakatimizning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, surishtiruv davomida hujjatlari yo‘q 40 nafar yurtdoshimiz Chimkent shahridagi IIB vaqtinchalik saqlash markaziga va 24 nafari «Sana Sizem» tashkiloti yordamida hostelga joylashtirilgan.

18 oktyabr kuni 40 nafar fuqaroning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari Chimkent shahri politsiyasi bo‘limi xodimlari tomonidan topilgan va ularga nisbatan Qozog‘istonning Ma’muriy kodeksi bo‘yicha ish ko‘rilmoqda.

Ushbu holat bo‘yicha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Chimkent shahridagi vakili tomonidan Karatau tumani politsiyasi bo‘limida ushbu fuqarolar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning huquqlari tushuntirildi. Fuqarolarning asosiy qismi pasportlari qaytarib berilsa, Vatanga qaytishini, ish beruvchiga nisbatan e’tirozlari yo‘qligini bildirdi.

Hostelga joylashtirilgan fuqarolar orasida A.A.ning boriligi aniqlandi va murojaat bo‘yicha sudga qadar tergov harakatlari olib borilayotganligi ma’lum bo‘ldi, deyiladi bayonotda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring