Quvalik qiz o‘g‘irlanmaganmidi? O‘g‘irlangan qizlar — barbod bo‘lgan taqdirlar…
Kollin Sten. Tobutdagi yetti yillik hayot
20 yoshli amerikalik Kollin Sten Shimoliy Kaliforniyadagi dugonasining tug‘ilgan kuniga borish uchun yo‘lovchi mashinani to‘xtatadi. Har doimgi odatiga ko‘ra mashina ichiga ko‘z yugurtiradi. Ishonsa bo‘ladi: mashinada yosh oila farzandi bilan. Ammo bu ishonch Kollin Stenga qimmatga tushadi.
Mashinada qiz g‘alati tobutga o‘xshagan qutini ko‘radiyu, ammo bunga ahamiyat bermaydi. Er-xotin Kemeron va Janis mashinani ovloq joyga to‘xtatib, qizning oyoq-qo‘lini bog‘laydi. Ana shu taxlit qizning «tobut»dagi hayoti boshlanadi. Kollinni Kaliforniyadagi kichik shaharchaga — Red Bluffga olib kelishadi. Kemeron Xukerning birinchi qilgan ishi — asirni qo‘llari bilan tepaga osish, qattiq kaltaklash va zo‘rlash edi. O‘sha vaqtdan boshlab Kollin Sten uchun haqiqiy jahannam boshlandi, bu – yetti yil davom etdi. Qizni qiynoqqa solgan juftlik uning ruhiy va jismoniy azob-uqubatlaridan chinakam zavq olishgan. Bularning barchasidan keyin qiz yana zanjirband qilingan va yog‘och qutiga joylashtirilgan.
Kemeron va Janis Xuker Stenni shunchalik qo‘rqitishganki, qandaydir kompaniya qizlarni olib qochish bilan shug‘ullanishiga, ular shu kompaniya ishchilari ekanligiga, qayerga qochmasin baribir topib olishlariga ishontirishgan. Shuning uchun Kollin ularni talabiga so‘zsiz bo‘ysungan.
1981 yil, ya’ni uch yillik asirdan so‘ng, Kemeron Stenga uyiga borishga ruxsat berdi. Uyiga Kemeron, go‘yoki «yigiti» bilan borgan qiz nima bo‘layotgani haqida gapirmadi. Buning o‘rniga ota-onasidan kuyovi bilan «baxtli lahzani» yonma-yon suratga olishni so‘radi. Kameronning xotini Janis uzoq vaqt o‘zi bilan o‘zi kurashdi va nihoyat, 1984 yil avgustda ayol Stenga bor haqiqatni aytdi. Hech qanday tashkilot yo‘qligini, qochib ketishi mumkinligini… Qiz birmuncha vaqt oshkor qilingan haqiqatga ishonmadi, lekin Janisning yordami bilan qochib ketdi. Kemeron bir nechta moddalarda ayblanib, 104 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Jaysi Li Dyugard. O‘g‘irlangan hayot
Kaliforniyalik maktab o‘quvchisi Jaysi Li o‘qishdan uyga qaytarkan, haydovchi yo‘lni so‘rasa kerak degan maqsadda yonida to‘xtagan mashinaga yaqinlashdi. Ammo elektroshok bilan hushsizlantirilgan qizaloq Antioka shahri yaqinida joylashgan uyda o‘ziga keldi.
Uni o‘g‘irlab ketgan Filipp Garrido 18 yoshida giyohvand moddalarni saqlash va sotishda aybdor deb topilgan va uch yildan so‘ng u 14 yoshli qizchani zo‘rlaganlikda ayblangan, ammo jabrlanuvchining ko‘rsatma berishni istamasligi sababli ish to‘xtatilgan. 1994 yil avgustida o‘n to‘rt yoshli Jaysi Li qiz tug‘di va 1997 yil noyabrda u yana bir qizaloqni dunyoga keltirdi. Faqat 2009 yilga kelibgina Jaysi Lining tutqunligiga barham beriladi. Ammo Jaysi Li Garrido bilan bir oila bo‘lishga ulgurgan, zo‘rovonlikka barham berilgan edi.
Garrido hibsga olingandan so‘ng Jaysi Li oilasi bag‘riga qaytgan bo‘lsa-da, otasining aytishiga qaraganda, qiz Garrido bilan kuchli hissiy munosabatda bo‘lishni davom ettirgan. Noiloj shunaqasi ham bo‘larkan. Dyugard o‘zi bilmagan holda jinoyatchiga o‘rganib qolgan bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas. Balki bu psixologlar tili bilan aytganda, stokgolm sindromidir. Shuning uchun uzoq vaqt davomida u intervyu berishdan bosh tortdi, ammo vaqt o‘tishi bilan u «O‘g‘irlangan hayot» deb nomlangan xotiralar kitobini nashr etdi, unda u boshdan kechirgan doimiy iztiroblari haqida yozgan.
Garrido aqldan ozgan deb e’lon qilinganiga qaramay, 43 yilga, bu jinoyatni yashirgan uning rafiqasi esa 36 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Natasha Kampush. Sakkiz yil manyak qo‘lida
Venalik Natasha Kampush Volfgang Priklopil tomonidan o‘g‘irlab ketilganida 10 yoshli qizaloq edi. Sakkiz yarim yil davomida u podvalda, og‘ir beton eshik orqasida, boshqalar ko‘z o‘ngidan yashirilgan holda yashadi. Keyin u qochishga muvaffaq bo‘ldi.
Ozod qilinganidan to‘rt yil o‘tib, Natasha Kampush o‘zining fojiasi haqida kitob yozdi. Uning nomi «3096». 44 yoshli Volfgang Priklopil qiz qochib ketgan kuniyoq o‘z joniga qasd qiladi.
Sano Fusako. To‘qqiz yillik asirlik
To‘qqiz yoshli yaponiyalik Sano Fusako 1990 yil 13 noyabrda maktabdan uyga qaytmadi. Politsiyaning qidiruvi natija bermagach, ish yopiladi va oradan to‘qqiz yil o‘tgach, 2000 yilda keksa ayolning tajovuzkor o‘g‘li ortidan qilingan shikoyat orqali qizchani topishadi.
To‘qqiz yil va ikki oydan so‘ng Fusako topildi. O‘g‘irlash joyidan 55 kilometr uzoqlikdagi yaqin shaharchadagi xususiy uydan!
Jinoyat sodir etilayotganda 28 yoshda bo‘lgan Nobuyuki dastlabki bir necha oy ichida uni deyarli hamma vaqt karavotga bog‘lab qo‘ygan, qichqirmoqchi yoki yig‘lamoqchi bo‘lgani uchun uni kaltakladi, agar u qochishga urinsa, uni o‘ldiraman deb qo‘rqitdi, shundan keyin u o‘zining «ta’limi» uchun elektroshoker ishlata boshladi.
Doimiy harakatsizlik va yomon ovqatlanish Fusakoning sog‘lig‘iga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, holsizlangan qizaloq qochishga urinmasdi ham. Shunga qaramay, Nobuyuki Fusakoga televizor ko‘rishga va radio tinglashga, o‘qishga ruxsat berdi, u bilan tez-tez turli mavzularda suhbatlashdi, shuning uchun Fusako aqliy rivojlanishda tengdoshlaridan qolishmadi.
Nobuyukining onasiga kelsak, ikkinchi qavatga chiqishi qat’iyan man etilgan, shuning uchun u qizcha haqida hech narsa bilmagan. 2000 yilda Nobuyukining ruhiy holati yomonlashgani va u onasiga nisbatan tajovuz qila boshlagani bois, onasi shifokorlarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Shifokorlar Nobuyukining ruhiy holati yaxshi emasligi tufayli majburiy kasalxonaga yotqizish zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qildilar — ikkinchi qavatdagi xonani buzib kiradilar. Uning xonasidan to‘shakda ozg‘in, rangpar, qo‘rqib ketgan qizni topadilar. Fusako charchagan, belini ko‘tarolmas, oyoqlari shu qadar zaif ediki, zo‘rg‘a yurar edi.
Psixiatriya klinikasida davolanishdan so‘ng Nobuyuki sudga berildi, u 14 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Devayn Arkins: Zanjirbandlikda...
2016 yili avstraliyalik erkak 24 yoshli turist, belgiyalik Devayn Arkinsni o‘g‘irlash va zo‘rlashda aybdor deb topildi. Turistni ikki kun davomida o‘z fermasi yaqinidagi cho‘chqaxonada saqlagan 54 yoshli Jan Charlz Bristov aybini tan olmadi.
Prokuror Maykl Fundasning ta’kidlashicha, Bristov fermaga kelganidan keyin ayolni soxta to‘pponcha bilan qo‘rqitgan va keyin uni cho‘chqaxonaga qamab qo‘ygan. Zanjirband qilingan Devayn Arkins yonida turgan eski muzlatkich ichidan qarmoq uchun yasalgan ilgaklardan foydalangan holda o‘zini zanjirdan ozod qiladi va jinoyatchining e’tiboridan chetda qolgan sumkasidagi noutbuk orqali o‘g‘irlab ketishgani haqida xabar qoldiradi, ammo qochishga urinmaydi. Sababi agar u qochishga urinsa, otib tashlashlaridan qo‘rqadi.
Bristov shaharga chiqqanida politsiya yo‘lda to‘xtatib shubhalanganidan qo‘rqib, fermaga qaytib keladi va qizni ozod qiladi. Uni shahardagi mehmonxona oldiga tashlab ketarkan «Hech narsa bo‘lmaganday, odamlarda shubha uyg‘otmay uyinga jo‘na» deydi. Bristov aybini tan olmaydi, ammo daliliy ashyolar uni «sotib» qo‘yadi — 18 yilga qamaladi.
Katya Martinova va Lena Simaxina. To‘rt yilda uch farzand
2000 yil kuzida Ryazanlik 14 yoshli Katya va 17 yoshli Lena shahar markaziga ta’tilga kelishdi. Diskotekadan chiqqan qizlar taksi tutishdi. Haydovchi ularga go‘yo mehribonlik qilib tarkibida uyqu dorisi qo‘shilgan sharbat uzatdi. Qizlar uyqudan uyg‘onganida uylaridan 100 kilometr uzoqlikda edi. Qizlarning asirlikdagi hayotlari ana shunday boshlandi.
54 yoshli chilangar Viktor Moxov ularni uch yildan beri qurayotgan qorong‘i yerto‘laga joylashtirdi. Yerto‘la devorlari qalinligidan ularning qichqirig‘i eshitilmasdi. Moxov har safar ishga ketayotganda, ular uchun elektr energiyasini uzib qo‘yar, tartibsiz ravishda oziq-ovqat va suv berardi — bir chelak oziq-ovqat qoldirib, bir hafta ichida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin edi.
Qizlar tirik qolish uchun ovqatni tejashni o‘rgandilar. Uch oy o‘tgach, Lena homiladorligini bilib qoldi. O‘sha zax va qorong‘u yerto‘lada ko‘zi yoridi. Unga 14 yoshli Katya doyalik qildi. Ammo Moxov bolani olib, qayergadir tashlab keladi. 2003 yil 6 iyun kuni Lena ikkinchi o‘g‘lini tug‘di. 4 oydan so‘ng Moxov uni ham onasidan tortib oldi. Oradan deyarli 4 yil o‘tgach, asirlar ozod qilindi! Lekin qanday?
Bir talaba Moxovning onasidan bir xonani ijaraga oladi. Viktor uchun bu yangi o‘lja edi. Asirlarning birini talaba qizga «jiyani» deb tanishtiradi. Ammo talaba qizda bu kir va rangpar «jiyan» shubha uyg‘otadi. Hech qancha vaqt o‘tmasdan shubha o‘z tasdig‘ini topadi — ma’lum muddat ozodlikka chiqqan «jiyan» unga maktubcha berishga ulguradi: «Lena Simaxina, Katya Martinova. Viktor mening amakim emas. Xatni politsiyaga olib boring». Tez orada Viktor hibsga olinadi va 17 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.
Roziya. Tutqunlikda bir oy
Ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumanida ayol va qizni uch nafar shaxs zo‘rlik ishlatib olib ketib, bir oy davomida ushlab turganligi va nomusiga tekkanligi, ushbu holatdan so‘ng homilador bo‘lib qolgan qiz o‘tgan yil dekabrida tuqqanligi haqida xabarlar tarqalgandi. Farg‘ona viloyat prokuraturasi holat yuzasidan o‘rganish natijalarini ma’lum qildi.
«Murojaat bo‘yicha Quva tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Ammo S.R.ni zo‘rlik ishlatib nomusiga tegilganligi, olib ketilganligi va asossiz ushlab turilganligi haqidagi vajlari ekspertiza xulosasi, tushuntirish xatlari va ish yuzasidan to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topmagan.
Murojaat yuzasidan Quva tumani IIB tomonidan oxirgi marotaba 2020 yil 12 dekabrda jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan.
O‘rganish davomida tekshiruv jarayonini bevosita nazorat qilgan Quva tumani prokuraturasi xodimlari xatti-harakatlarida qonun buzilishi holati aniqlanmadi», deyiladi prokuratura xabarida.
Ammo tanganing ikkinchi tomoni borligini, qiz o‘zini o‘g‘irlab ketganligini iddao qilinayotgani va bir necha tashkilotlarga murojaat qilganligi e’tibordan chetda qolyapti. Biz yuqorida bekoriga o‘g‘irlab ketilgan qizlar taqdirini misol keltirmadik.
Masalan, Kollin Sten o‘g‘irlab ketilgan yigit bilan ota-onasining oldiga borgani va «baxtli lahzalar»ni suratlarga muhralagani yoki bo‘lmasa, Li Dyugardning matbuotga intervyu berishni istamaganichi. Hattoki, u atay qochib ketmagan degan taxminlar bo‘lgan. Keyinchalik sud zalida boshidan o‘tkazganlarini aytib berganida zalda o‘tirganlar hatto yig‘lab yuborishgan. Shunda ham Dyugard erkakni aybdor sanamagan. Ammo jinoyatchiga 43 yil qamoq jazosi berishadi. Ularning huquq idoralari qiz erkakni aybdor deb hisoblamayapti, degan bahona bilan jinoiy ish ochib o‘tirmasliklari, erkakni jazolamasliklari mumkin ediku.
Qolaversa, qiz yigiti bilan ota-onasini tanishtirgani, go‘yo baxtli lahzalarini suratga olganliklari erkakni ayblamaslik uchun asos bo‘la olmas edimi? Yoki bo‘lmasa, belgiyalik Devayn Arkins o‘z oyog‘i bilan ish izlab fermaga borgani va bir kun o‘tib mehmonxonaga soppa-sog‘ qaytarilgani tufayli hech qanday jinoyat alomatlari yo‘q, degan sababni ko‘rsatishlari osonroq emasmidi politsiyaning?
Quvada bo‘lgan holatda shubha uyg‘otadigan yana bir holat – qiz o‘g‘irlanganini xabar bergan bir ayol voqealar rivojidan, guvohlikdan yo‘qolib qolgani!
Qolaversa, agar Roziya o‘z xohishi bilan Diyordan homilador bo‘lsa, u bilan bir oy yashagan voyaga yetmagan yigit, hatto bolani tan olib turgan bo‘lsa, qiz ularni o‘g‘irlab ketishda ayblashidan ne ma’no?
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan Roziyaning o‘z qo‘li bilan yozilgan xatda aytilishicha, Diyorning akasi Tohir «agar bu yerda bo‘lganingni va bo‘lgan ishlarni birovga aytsang, video va rasmlarni internetga tarqatvoraman» deya qo‘rqitgani, bir oy o‘tgach qiz shikoyat xatida ko‘rsatib o‘tganidek qizni Diyorning akasi ichki ishlar idorasiga olib kelib topshirgani Devayn Arkinsning mehmonxonaga tashlab ketilgan voqeasini, yuqorida misol keltirilgan qizlar taqdirini eslatmayaptimi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter