Sobiq deputat Kobul Dusov 5 yil 2 oyga qamaldi

Bugun, 16 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Kobul Dusovga (1984 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sudyasi A. Mirzaxanov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga muvofiq K. Dusov 5 nafar jabrlanuvchiga (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutasaddi va mas’ullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «a» bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 237-moddasi (yolg‘on xabar berish) 2-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
K. Dusovga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025 yil 24 fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
O‘z navbatida, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirilgan.
Ma’lumot uchun, K. Dusov JIB Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
2025 yil 24 yanvarda esa JIB Yashnobod tuman sudi K. Dusovga nisbatan o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosini shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirgan va jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.
JIB Arnasoy tuman sudining 2025 yil 24 yanvardagi hukmi bilan K. Dusov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi «a» bandi va 140-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi, 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2025 yil 11 martdagi ajrimi bilan K. Dusov (1984 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan)ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2025 yil 24 yanvardagi ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter