Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sud mustaqilligiga daxl qilish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tezkor xabar berish tizimi yaratiladi

Sud mustaqilligiga daxl qilish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tezkor xabar berish tizimi yaratiladi

Foto: «Xabar.uz»

Sud mustaqilligiga daxl qilish bilan bog‘liq har qanday holat yuzasidan sudya tomonidan bevosita va tezkor xabar berish tizimi yaratilishi mumkin. Bu «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasida ko‘zda tutilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmatining xabar berishicha, loyihada, jumladan, quyidagi yangi normalar va chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda:

  • sudlar raislarining sudyalar faoliyatini baholash, ularga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atishdagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqish;
  • sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi qaror ustidan shikoyat qilish mexanizmini takomillashtirish;
  • sudyalarning vakolatlarini to‘xtatib turish hamda tugatish asoslari va tartibini xalqaro standartlarga moslashtirish;
  • sudyalarning maqomini belgilovchi normalarni takomillashtirish va iste’fodagi sudyaning huquqiy maqomini belgilash;
  • sudyalarni rotatsiya qilishning aniq va shaffof mexanizmini joriy etish;
  • sudlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tizimlashtirish;
  • sud mustaqilligiga daxl qilish bilan bog‘liq har qanday holat yuzasidan sudya tomonidan bevosita va tezkor xabar berish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi tizimni yaratish, ushbu masalalarni qonunosti hujjatlari bilan tartibga solish tartibini bekor qilish.

Qayd etilishicha, «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarda tizimlashtirilishi va unifikatsiya qilinishi lozim bo‘lgan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosini 2020-yil oktyabr oyiga qadar ta’minlash belgilangan. «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasini tayyorlash ham shular sirasidandir.

Eslatib o‘tamiz, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonun 1993-yilda qabul qilingan, 2000-yilda esa unga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, yangi tahriri tasdiqlangan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring