«Ippodrom» bozori mas’uli va uning sherigi ushlandi

«Chilonzor buyum savdo kompleksi» AJda («Ippodrom») qurilishi rejalashtirilgan do‘konni 25 000 AQSh dollariga auksion orqali olib bermoqchi bo‘lgan bozor mas’uli va uning sherigi ushlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Chilonzor buyum savdo kompleksi» AJda do‘kon sotuvchisi bo‘lib ishlovchi N.R. fuqaro D.B.ning ishonchiga kirib, mazkur savdo kompleksi hududida qurilishi rejalashtirilgan savdo do‘konlaridan birini auksion savdosi orqali yutib olib berish masalasini bozor muhandisi A.S. orqali hal qilib berishi evaziga 25 000 AQSh dollari so‘rab, shundan 9 400 AQSh dollarini muqaddam qo‘lga kiritib, qolgan 15 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Shundan so‘ng, N.R. ning ko‘rsatmalariga asosan tadbir davom ettirilganda, «Chilonzor buyum savdo kompleksi» AJ kapital qurilish bo‘limi bosh muhandisi A.S. do‘kon sotuvchisidan 10 000 AQSh dollarini olgan paytida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan A.S. va N.R.larga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter